Аkbar Islomov 1896 yil kuzida Qoʼqon shahrida dunyoga kelgan. Islomxoʼja avlodi Qoʼqon xoni xizmatida yuqori mavqega ega boʼlgan moʼʼtabar xonadonlardan edi. Аkbarxoʼja oilada toʼrt farzand Soraxon poshsho, Umarxoʼja, Shamsiddinxoʼjalarning eng kenjasi edi. U avval eski maktabda, soʼng ikki yil Аbduvahhob Ibodiyning jadid maktabida taʼlim oldi. 1910-14 yillar zargarlik ustaxonasida zargarga shogird boʼlib yollandi, hunar oʼrgandi.
1914 yilda yana oʼqishni davom ettirib, 5 oy davomida Qoʼqonda ochilgan rus-tuzem maktabida oʼqiydi. Biroq otasining vafoti tufayli u tahsilni davom ettira olmadi. Аkbar Islomov 1914 yildan Qoʼqonning eski shaharida joylashgan nashriyotda harf teruvchi boʼlib ish boshladi.
Sobiq xonlikning poytaxti Xoʼqandi latif bu paytda Fargʼona vodiysining eng yirik iqtisodiy va madaniy markazi sifatida muhim oʼrin tutar edi. Oʼlkada mustamlakachi maʼmurlarning haqsizliklari, xalqqa nisbatan jabr-zulmning ortib borishi va bunga qarshi jadid taraqqiyparvarlarining maʼrifatchilik harakati avj olib bordi. Аkbar Islomov Obidjon Mahmudovning “Sadoi Fargʼona” gazetasida ishlab, Fargʼona jadidlarining yetakchilari Аshurali Zohiriy, H.H.Niyoziy, N.Toʼraqulovlar bilan tanishadi. Bu muhit uning dunyoqarashi shakllanishida muhim oʼrin tutdi. U ham oʼzi tengi yoshlar qatorida jadid taraqqiyparvarlik harakatiga bosh qoʼshdi.
1916 yilda Аkbar Islomov mardikorlikka qarshi kurashda faol ishtirok etdi. U xalqni kurashda birdamlikka chaqirish maqsadida oʼzi ishlayotgan nashriyotda mustamlakachi maʼmurlar va ularning mahalliy gumashtalari kirdikorlari bitilgan varaqalarni tayyorlab butun shaharga tarqatadi. Bundan xabar topgan podsho maʼmurlari uni nashriyotdan ishdan boʼshatishga erishadilar. Maʼlum muddat ishsiz qolgan Аkbar Islomov Qoʼqonning yangi shahar qismidagi Voskrestniy koʼchasi Bolotina aptekasi yonida joylashgan Velьskiy xususiy tipografiyasiga ishga kiradi. U yerda А.Islomov rus ishchilari bilan tanishadi, rus tilidagi bilimlarini yanada mustahkamlaydi va nashriyotchilik hunarini professional darajada egallaydi. А.Islomovning bu davrdagi faoliyati xususida 1934 yil 22 sentyabrida Fargʼona vodiysi jadid taraqqiyparvarlarining yetakchisi Obidjon Mahmudov oʼz soʼroq bayonnomasida: “Qoʼqon taraqqiyparvarlari ozarboyjonlik maʼrifatparvar Piri Mursalzoda bilan ham aloqa bogʼlagan edi. Turkistonga muxtoriyat olish masalasida maslahat olish uchun fargʼonalik jadidlar taklifi bilan Ozarboyjondan 1917 yil yozida Qoʼqon shahriga Muhammad Аmin Аfandizoda keldi. Biz Mirzohid Miroqilov, Аshurali Zohiriy, Mahmudxon Аhmadxonovlar rahbarligida u bilan bir necha yigʼinlar oʼtkazgan edik. Shu asnoda milliy birlik uchun kurashni mustahkamlash maqsadida Miyon Qudrat hazrat rahbarligida maxfiy tashkilot tuzilgan edi. Unga Аkbar Islomov ham aʼzo boʼlgandi” deb eslagandi.
1917 yilning kuzida Turkiston ozodligi uchun intiluvchi barcha taraqqiyparvar kuchlar Qoʼqon shahrida Turkiston Muxtoriyati hukumatini tuzdilar. Аkbar Islomov bu davrda tipografiya ishi bilan bir qatorda Muxtoriyat tadbirlarida ham faol ishtirok etdi. Biroq 72 kun umr koʼrgan Muxtoriyat bolьsheviklar tomonidan qonga botirildi. Shu bahona bilan butun Qoʼqon shahri va uning atrof qishloqlari xonavayron qilindi. Muxtoriyat hukumati aʼzolari bilan birga minglab begunoh aholi ham oʼqqa tutildi, talon-taroj avj oldirildi. Koʼplab insonlar oila aʼzolarining jonlarini saqlab qolish niyatida bolьshevik zoʼravonlari oldida bosh egdilar. Аholining boshqa bir qismi esa Vatan ozodligi uchun hayot-mamot kurashiga bel bogʼladilar.
1918 yilning martida А.Islomov yana Qoʼqondagi “Pechat ishlari” nomli tipografiyaga ishga qaytadi va “Musulmon mehnatkashlari Ittifoqi”ga kirib uning jamoatchilik ishlarida faol ishtirok eta boshlaydi. Bu paytda yosh Аkbar Qoʼqon shahrida xalq vakili sifatida ish olib bordi. Fikrimizni keyinchalik sovetlar tomonidan qoʼlga olingan Hamdamhoji Qalandarovning 1933 yil 3 oktyabrdagi soʼroq bayonnomasi ham asoslaydi. U: “1918 yil Ergash qoʼrboshining hujumi bolьsheviklar tomonidan qaytarilgach, u oʼzining 72 kishilik guruhi bilan Bogʼdod tumanidagi Xonobod-Bachqir qishloqlari tomonga chekindi. Men Qoʼqon atrofida oʼz yigitlarim bilan harakat qilar edim. 1918 yilning kuzida men turgan Аndarxonga Toshkentdan Toshpoʼlot Norboʼtabekov, Miki Yenikeev va yana bir necha kishi kelib, mendan Аvgʼonistonga eltib qoʼyishimni soʼradilar. Men oʼzimning Ergashga xizmat qilishimni aytib, ularni rad etdim. Ularni 19 kun davomida oʼzim bilan ushlab turdim. Shundan soʼng Qoʼqondan vakil boʼlib Аkbar Islomov keldi va men bilan muzokara oʼtkazdi. Uning yonida Bobobek Norboʼtabekov, Sulton Saydalin va Haydar Аfandilar ham bor edi. Ular asirlarimni olib Toshkentga ketishdilar”.

1918 yil avgust oyida Akbar Islomov partiyaga kiradi va harf teruvchilik vazifasidan Qo‘qon shahar Musulmon mehnatkashlari kasaba uyushmasi raisi lavozimiga saylanadi. Akbar Islomov o‘zining qat’iyati, uddaburonligi bilan tezda ko‘pchilikning nazariga tushadi. U 1918 yil so‘ngida Qo‘qon shahridan Turkiston MIKka a’zolikka saylanadi va Farg‘ona viloyat inqilobiy tribunaliga taklif etildi. 1918 yil 23 dekabrda A.Islomov Turkiston MIK tomonidan Buxoro amirligiga yo‘llangan guruhga a’zo etib tanlanadi.
Akbar Islomovning rahbarlik qobiliyati, mahalliy aholi bilan ishlash mahorati, vaziyatni to‘g‘ri baholay olishi sovet ma’murlarining ham e’tiboriga tushishiga sabab bo‘ldi. U Buxorodan qaytgach, 1919 yil 24 maydan e’tiboran Turkiston MIK ichki ishlar komissari o‘rinbosari lavozimiga tayinlanadi. A.Islomov bu lavozimda vaqtida Farg‘onada mahalliy hokimiyatni kuchaytirish, aholining o‘zini-o‘zi himoyalashini tashkil etish, xalq orasidan tashabbuskorlardan militsiya bo‘linmalari tuzishga rahbarlik qildi. Shundan so‘ng u ko‘p o‘tmay yana Buxoroga, bu gal RSFSR rezidenti o‘rinbosari sifatida yo‘llanadi.
1920 yilda Toshkentga kelgan Akbar Islomov Turkiston SSR ichki ishlar komissari lavozimiga tayinlanadi. U Aravon va Uchqo‘rg‘on hududlarida Shermuhammadbek va Xolxo‘jalar rahbarligidagi qurolli qarshilik harakati yo‘lboshchilari bilan muvaffaqiyatli muzokaralar olib bordi. Turkiston Sovnarkomi raisi K.S.Ataboyev, TASSR KP mas’ul kotibi N.To‘raqulovlar bilan birgalikda Farg‘ona vodiysidagi qurolli qarshilik harakatini to‘xtatish, xalq xo‘jaligini tiklash ishiga e’tibor qaratadi.
Keyinchalik uning nashriyotdagi sobiq hamkasbi P.M.Grachevning eslashicha, A.Islomov NKVD raisi bo‘lgan vaqtda adolatli rahbar sifatida xalq hurmatini qozongan edi. Xususan, u 1921 yil NKVD rahbari sifatida Qo‘qonga borganida xalq unga bozorda chayqovchilikning avj olib ketgani va mavjud adolatsizliklar haqida shikoyat qiladi. Shunda A.Islomov vaziyatni adolat bilan baholab, xolisona hukm chiqaradi. U P.M. Grachev va boshqa bir qator beayb kishilarni NKVD qamoqxonasidan ozod qilgan. Aksincha, aholiga nisbatan zulm o‘tkazgan Turkiston CHK xodimlarining o‘zlarini jazoga torttirgan ekan. Shuningdek, A.Islomov bu paytta ocharchilikka qarshi jiddiy kurash olib bordi. 1921 yilda uning tashabbusi bilan o‘lka shaharlaridagi ota-onalaridan ayrilib ko‘chada qolgan yetim bolalar NKVD xodimlari tomonidan to‘planib, Toshkent shahrida ular uchun maxsus “Bolalar uyi” tashkil etiladi. U ba’zan mazkur bolalar uyiga kelib, ko‘ngli yarim bolalar bilan suhbatlashardi.
A.Islomov 1920 yil Turkiston davlat universiteti ochilganida birinchilardan bo‘lib uning ishchi fakultetiga o‘qishga kiradi. U 1922 yil fakultetni muvaffaqiyatli tugatadi, ammo o‘zining bilimidan ko‘ngli to‘lmay 1924 yilda yana O‘rta Osiyo davlat universiteti (SAGU) ning qishloq xo‘jaligi fakultetiga kirib o‘qishni davom ettiradi. UO‘ODU qishloq xo‘jaligi fakultetida rektor o‘rinbosari bo‘lib, yoshlarni jamoatchilik ishlariga safarbar etishga rahbarlik qildi. Jumladan, Toshkentda aholi ehtiyojlari uchun hashar yo‘li bilan “Spartak” stadionini qurishga kirishadi. A.Islomov bu gal o‘qish bilan bir paytda Toshkent okrug ijroqo‘m raisi lavozimiga tayinlanadi. U 1925-27 yillar davomida viloyatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, irrigatsiya, meleoratsiya tizimini shakllantirish va transport uchun yo‘llar qurish borasida qizg‘in faoliyat olib boradi. Petrograd, Samara, Tula kabi sanoat markazlariga ko‘plab yoshlarni yo‘llab, ulardan mahalliy sanoatni oyoqqa qo‘yishda unumli foydalandi. Yer islohotini oddiy aholining manfaatlarini himoya qilgan holda muvaffaqiyatli amalga oshirdi, viloyatdagi ilk gidroelektrostansiya ham A.Islomov rahbarligi davrida ishga tushirildi.

A.Islomov 1925 yil Toshkentda Zakavkaze vakolatxonasi xodimi A.N.Jdaparidzening uyida bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Ketevan Davidovna Kldiashvili bilan tanishadi. 1927 yil Moskvadagi O‘zSSRning doimiy vakili lavozimiga tayinlandi. Shu yili Moskvada go‘zal gruzin qizi Ketoga uylanadi va 1928 yilda farzandi Temur dunyoga keladi. Akbar Islomov 1927-28 yillar davomida sovetlar davlati markazida O‘zbekistonda xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlarini rivojlantirish yo‘lida tinimsiz kurash olib bordi. O‘zbekistonda paxtachilik bilan birga ipakchilik, yog‘ ishlab chiqarish sanoatini yo‘lga qo‘yish, og‘ir sanoatni oyoqqa qo‘yish, mamlakatni agrar o‘lkadan agrar-industrial mamlakatga aylantirish ishiga alohida e’tibor qaratadi. Moskvada o‘zbekistonlik talabalarning boshini biriktirib, ularni iqtisodiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatladi, Vatan xizmati uchun bel bog‘lashga chaqirdi.

A.Islomov 1929 yilda O‘zbekistonga chaqirib olinib, 1929 yil so‘ngidan 1933 yilgacha O‘zbekiston davlat plan qo‘mitasi raisi, 1933 yildan to qamoqqa olingunigacha O‘zbekiston moliya xalq komissari lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. Mazkur yillarda sovetlar mamlakatida qattiq markazlashtirilgan moliya sistemasi joriy etildi. Ya’ni, O‘zbekiston SSSR moliya xalq komissarligi bilan uzviylashtirdi. O‘zSSR moliya xalq komissarligi organlarini qaytadan qurish talab etildi va ularning kamgina mustaqilligi ham Markaz tomonidan tortib olindi.

A.Islomov kadrlarning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida konferensiyalar tashkil etib, xodimlarning gazeta, jurnallar va badiiy kitoblarni muntazam o‘qib borishlarini tashkil qiladi. U ish yuritishdagi xo‘jasizliklar, omonat kassalarida yo‘l qo‘yilgan isroflar, ortiqcha xarajatlarni keskin tanqid qildi. Qisqa muddatda tizimda mehnat intizomini mustahkamlashga erishdi. A.Islomov o‘z faoliyatini O‘zbekistonning tub xalqi manfaatlaridan kelib chiqib tashkil etdi. Mamlakatning mahalliy moliya tizimini shakllantirishga intildi, milliy kadrlarni tayyorlashda moliya-iqtisod texnikumini ishga tushirdi, O‘rta Osiyo moliya institutini (narxoz) ochishning tashabbuskorlaridan biri bo‘ldi.
A.Islomov o‘ta og‘ir bir sharoitda ish olib bordi. Shunga qaramay, aholining ma’lum bir qismini dindor va quloq xo‘jaliklar deb qatag‘on qilinishiga qarshi chiqdi. Ularga nisbatan soliqlarni nohaq oshirilishining oldini oldi. Aksincha, zaif xo‘jaliklarni uch yilgacha soliqdan ozod etdi. Qashqadaryo viloyatida tabiat injiqliklari tufayli zarar ko‘rgan dehqonlarga 500 ming so‘m miqdorida moddiy yordam berdi. U mamlakat kelajagi va xalq salomatligi bilan bog‘liq sohalar xodimlari muallimlar va doktorlarning oyliklarini eng birinchi navbatda berishni talab qildi[1].

U o‘zi uchun qanchalik xavfli bo‘lishiga qaramay, Germaniyada tahsil olayotgan turkistonlik talabalarning moddiy ahvolidan doimiy xabardor bo‘lib turish uchun Toshkentda ishlayotgan germaniyalik professor Englyand bilan aloqani yo‘lga qo‘ydi (Germaniyada tahsil olgan kimyo professori Sattor Jabborning 1937 yil 28 sentabrdagi so‘roq bayonnomasidan), Germaniyada ta’lim olayotgan talabalar uchun doimiy pul yo‘llab turdi (Germaniyada ta’lim olgan elektr muhandisi Sulton Matqulning 1937 yil 22 sentabrdagi so‘roq bayonnomasidan). 1934 yil sovet mamlakati allaqachon o‘zining sinfiy dushmani deb e’lon qilgan, o‘zbek xalqining buyuk shoiri Cho‘lponni iqtisodiy qo‘llab-quvvatladi (Cho‘lponning 1937 yil 10 avgustda bergan tergov bayonnomasidan). Tabiiyki, bu “xato” harakatlari bilan o‘zini ham sovet davlatining dushmanlari safiga, aniqrog‘i, o‘zbek xalqining buyuk farzandi degan sharafga muyassar etadi.
1937 yil 3 avgust kuni O‘zSSR NKVD rahbari Zagvozdinning qarori asosida endigina 40 yoshni qarshilagan O‘zSSR moliya xalq komissari Akbar Islomov qamoqqa olindi. Unga savdogarning o‘g‘li, Qo‘qon Muxtoriyati ishtirokchisi, “Milliy Ittihod” aksilinqilobiy millatchilik tashkilotining a’zosi kabi ayblovlar qo‘yildi.
1937 yil 3 avgust tuni u yashaydigan Toshkent shahri, Oqqo‘rg‘on ko‘chasi, 5-uy, 2-xonadonda taftish o‘tkazildi. Uning pasporti, hujjatlari, qurollaridan tortib, kitoblari, xatlari, uy jihozlari va shaxsiy buyumlarigacha xatlab olib ketildi. Uning ortidan xotini Ketevan Davidovna, 10 yoshli o‘g‘li Temur (Asqar) va 6 yoshli qizi Muqaddaslar qon yig‘lab kuzatib qoldilar. Akbar Islomov bilan birga yashagan 81 yoshli onasi Oysha aya, akasi Umar Islomov, singlisi Komila Turaqulovalarga ham hech qanday tushuntirish berilmadi.
Xalq orasida uni yaxshi bilgan kishilarni qo‘rqitib qo‘yish uchun 1937 yil 12 sentabrda “Pravda Vostok” gazetasida A.Aleksandrovskiyning, 1937 yil 14 sentabrda “Ekonomicheskaya jizn” jurnalida B.Buxvalovning “Politicheskaya slepota budjetnoy inspeksii NKF UzSSR” sarlavhali A.Islomovga tuhmatdan iborat maqolalar chop etiladi.
Dastlabki tergov jarayonida Akbar Islomovga qarshi hech bir jo‘yali ayb qo‘ya olmadilar. Akbar Islomovning o‘zi bir vaqtlar NKVD tizimida rahbar bo‘lib ishlagani uchun sovet qonunchiligi va mahbuslarning huquqlaridan xabardor edi. Shuning uchun u 1937 yil 7 sentabrda O‘zSSR NKVD raisi o‘rinbosari Leonov nomiga yozgan arizasida sovet qonunchiligiga zid tarzda mahbuslarning huquqlari toptalayotganini ma’lum qiladi. Unda mahbuslarning quyoshsiz holda bir soat, yorug‘likda 20 minut aylanish vaqti, ularga kitob o‘qishi uchun sharoit yaratib berish haqida bir qator majburiyatlar ham borligini eslatib o‘tadi.
Leonovdan javob bo‘lmagach, ko‘p o‘tmay, O‘zSSR Prokurori Kabanovga ariza bilan murojaat etadi. Unda mahbuslar tunni to‘liq tergovda o‘tkazishi, 16 soatlab tik oyoqda turishi, soatlab hojat uchun navbat kutishlari, ovqatlanishdan qolib ketish hollarini, NKVD xodimlarining haqsizliklarini, insonni xo‘rlashga qaratilgan harakatlarini birma-bir bayon qiladi. Biroq, bu xatlardan so‘ng A.Islomovga eng og‘ir qiynoq choralari qo‘llanadi. U dahshatli azoblar ostida 1937 yil 16 sentabrda o‘zining “aksilinqilobchi” bo‘lganligi aks etgan qog‘ozlarga, 1937 yil 20 sentabrda ham o‘ziga nisbatan bir qancha tuhmatlar yozilgan qog‘ozlarga majburan imzo qo‘yadi. Shundan so‘ng tergovchi Matveyev 1937 yil 20 sentabrda uni aksilinqilobiy tashkilot a’zosi deb qaror chiqaradi.
1937 yil 21 sentabr kuni Akbar Islomovga yangi so‘roq bayonnomasi imzolatildi. Unda o‘zining maxfiy aksilinqilobiy tashkilotga Toshkentda 1925 yil Xanafiy Burnashev va Rahim Inog‘omovlar tomonidan tortilganini “tan oladi”. Tashkilotga Akmal Ikromov boshchilik qilib, uning a’zolari sifatida Fayzulla Xo‘jayev, Rustam Islomov, Abdulhay Tojiyev, Usmonxon Eshonxo‘jayev, Mannon Ramziy kabi jami 18 kishini sanaydi. Shundan so‘ng o‘zining Fayzulla Xo‘jayev talabi bilan amalga oshirgan qator iqtisodiy jinoyatlarini keltirib o‘tadi.
1937 yil 22 sentabrda tergov ostidagi A.Islomov O‘zSSR NKVD raisiga ariza yo‘llaydi va unda o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarning quruq tuhmat ekanligini dalillaydi. Ammo, arizaga nisbatan yana hech bir oqibat bo‘lmadi. Aksincha, unga jismoniy kuch ishlatish yo‘li bilan SSSR NKVD raisi Yejovga yozilgan arizaga imzo chektirishadi. Unda A.Islomov o‘zining aksilsovet tashkilotga a’zo bo‘lganligini yana “tan oladi”. U 1937 yil 19 dekabrda esa uzluksiz qiynoqlardan butunlay holdan toygach, tergovni to‘xtatishlarini so‘rab iltimos qiladi.
“Jinoiy ish”ni yanada “ishonchli” dalillar bilan asoslash maqsadida ishga bir qator “xalq dushmanlari”ning “ko‘rsatmalari” ham tikildi. Jumladan, Akbar Islomovning “Milliy ittihod” aksilinqilobiy tashkiloti a’zosi bo‘lganligini Sa’dulla Tursunxo‘jayev, sobiq BXSR Xalq Nozirlari Soveti raisi o‘rinbosari Ato Po‘lotovich Xo‘jayev va “Pravda vostoka” gazetasining sobiq muharriri Muhammad Hasanovlar qayd etganlar. “Milliy ittihod” aksilinqilobiy tashkilotining qanchalik “xavfli” ekanligini ko‘rsatish uchun Mannon Ramziyning 1930 yilning 12 dekabr kuni bergan so‘roq bayonnomasidan parcha keltiradi. Jumladan, unda tashkilotning asosiy maqsadi, avvalo, O‘zbekistonni mustaqillikka tortish, ozodlikka intilish, yoshlardan milliy kadrlar yetishtirish edi, deb ta’kidlangan.
Mirmuslim Shermuhammedov Akbar Islomovni “Milliy istiqlol” maxfiy aksilsovet tashkiloti a’zosi deb ko‘rsatma bergan bo‘lsa, sobiq yer ishlari xalq Komissari Rustam Islomov hamda sobiq O‘zkompartiya tashkiloti rahbarlari D.Manjara, A.F. Moorlar uni o‘zlarining “o‘ng trotskiychi-millatchilik tashkiloti” a’zosi ekanligini “tan oladilar”. “Ish”ga yuqoridagi “xalq dushmanlari”ning so‘roq bayonnomalaridan olingan varaqlarning tikilishi bilan u ancha kattagina ko‘rinish oldi. Hattoki, 1935 yil Qashqadaryoda iqlim noqulayligi tufayli hosilsizlik bo‘lgani uchun aholidan olinadigan soliqlarni kamaytirish bo‘yicha Akbar Islomovning Akmal Ikromovga yozgan xati ham uning jinoiy ishiga dalil sifatida tirkab qo‘yildi. Yana NKVD topshirig‘i bilan Moliya komissarligidan Akbar Islomovning “jinoyatlarini” fosh etuvchi o‘nlab ma’lumotnomalar olindi. Lekin, ular bilan ham Akbar Islomov o‘zining aybdor ekanligini tan olmadi.
Endi sovet tergov mashinasi o‘zining yanada tuban usullarini qo‘llashga o‘tdi. Xususan, u bilan birga ishlagan Yevgeniya Mixalyans, Marina Ivanovna, Muharram Alixanova kabi ayollarga A.Islomov tomonidan zo‘rlagan degan bo‘htonlar bitilgan qog‘ozlarni ham imzolattirib oladilar. Bu sharmandali tuhmatlarga uning haydovchisi ham jalb etiladi. Biroq, Akbar Islomov tuhmatlarning barchasini to‘liq rad etadi va yuzlashtirishga esa tuhmatchilarning o‘zlari rozi bo‘lmaydi.

Umuman, turli mas’ul davlat mansablarida faoliyat ko‘rsatgan va bu paytda qamoqqa olingan ko‘plab mahalliy kadrlarni mahv etish uchun jiddiy sabab topish zarur edi. Ko‘p o‘tmay shunday ayb “kashf” etildi. O‘zSSR NKVD raisi o‘rinbosari davlat xavfsizligi mayori Leonov 1937 yil 3 noyabrda Agabekov, Miroshnichenko va Matveyevlar tomonidan tayyorlangan qarorga imzo chekdi. Unga ko‘ra qamoqqa olinganlardan A.Islomov, A.Tojiyev, U.Eshonxo‘jayev, M.Tursunxo‘jayev, T.Qirg‘izov, A.Xudoybaxtov kabi 27 kishiga go‘yoki “o‘ng trotskiychi maxfiy millatchilik tashkiloti” a’zosi degan ayblov e’lon qilindi.
A.Islomovni yaqindan kuzatish maqsadida 1937 yil 4 oktabrdan uning yoniga Tarasenko degan kimsani joylashtiradilar. Shundan so‘ng uning xatti-harakatlari to‘g‘risida xabarlar oqib kela boshlaydi. 1938 yil 19 fevral kechasi uning turma devoriga arab yozuvida nimalarnidir yozgani va yo‘lda yo‘talish orqali boshqa mahbuslar bilan aloqaga chiqqani uchun 3 kun karserga yo‘llaydilar. 1938 yil 14 avgustda Agabekov A.Islomovni turma qoidalarini buzdi deb yana 10 kun karserga buyuradi.
1938 yil 27 sentabrda Inoyatulla Baxshullaxonov tomonidan ham Akbar Islomovning 32-kameradagi Ro‘zmetov, Ikromov va Ortiqovlarga NKVD tajriba o‘tkazmoqda. Biz haqiqatni tan olmasak, NKVD hech narsa qila olmaydi. Sizlar avvalgi ko‘rsatmalaringni qaytarib olinglar degani, 30-kameradagi Iskandar Davronovga ham ko‘rsatmangdan voz kech, deb aytgani haqida xabarlar tashkillashtiriladi. Bu chaquvlar esa Akbar Islomovga nisbatan jismoniy kuch ishlatishdan yanada ko‘proq foydalanishga bahona bo‘lishi kerak edi.
1938 yil 1 oktabrda Akbar Islomov Abdulla Toshmuhammedov bilan yuzlashtirildi. Akbar Islomov o‘ziga qo‘yilgan aksilinqilobiy tashkilot a’zosi degan bo‘htonni mutloq rad etdi.
A.Islomov o‘zining so‘nggi so‘rog‘ida ham “Men na partiyada va na undan oldin na keyin hech vaqt aksilinqilobchi bo‘lmaganman. Narkomfinda ham hech qachon noqonuniy, davlat manfaatiga zid ishni qilmaganman. Xalq manfaatiga qarshi bir tiyin ham sarflamadim. Aytilgan birorta ayb menga tegishli emas. Men o‘zimga qo‘yilgan ayblarga rozi emasman. Men hech qachon davlatga qarshi aksilsovet targ‘ibot olib bormaganman. Demak, O‘zSSR JKning 57-moddasi birinchi qismi ham menga tegishli emas”, deb imzo qo‘yadi.
Akbar Islomovning to‘qib chiqarilgan “Ayblov bayonnomasi” aslida 1937 yil 16 dekabr kuni O‘zSSR NKVD raisi Apresyan tomonidan imzolanadi. Shundan keyin ham qator guvohlar chaqirildi, yuzlashtirishlar amalga oshiriladi, Akbar Islomov barcha bo‘htonlarni rad etdi. Biroq, ayblovda ularning birortasi o‘z ifodasini topmadi. Biror jumlasi ham o‘zgartirilmagan o‘sha aybnoma SSSR Prokurorining o‘rinbosari tomonidan 1938 yil 3 oktabrda imzolanadi.
1938 yil 3 oktabr kuni A.Islomov ishi Alekseyev, Zaysev, Boldirev ishtirokidagi mash’um “uchlik” qo‘liga topshirildi. Uning sudi 1938 yil 4 oktabr kuni soat 17 55 dan 18 15 gacha davom etdi. Sud A.Islomovni oliy jazoga xukm etadi va bu shu kunning o‘zidayoq ijro etildi.
1954 yil 31 iyul kuni uning xotini Ketevan Davidovna Kldiashvili – Islomova o‘zi yashayotgan Tbilisi shahri, Bakradze ko‘chasi, 16 – uydan SSSR hukumati rahbariyatiga ariza yo‘llaydi. Darhaqiqat, 1935 yil A.Islomovning akasi Shamsiddinxo‘ja vafot etgach, uning Bahrom va Muqaddas ismli farzandlarini Keto bilan o‘z tarbiyasiga olgan edilar. Bu sodiq ayol bir umr turmush o‘rtog‘i hurmatidan O‘zbekiston bilan aloqani uzmadi. U arizasida eri bilan kechgan o‘n yillik turmushi davomida uni haqiqiy inson, buyuk vatanparvar sifatida bilganini yozadi. Akbar Islomovning 1937 yil avgust oyida u NKVD tomonidan qamoqqa olingani va unga erining 10 yilga qamoqqa hukm etildi deb ma’lumot berganlarini aytadi. O‘zining ham 1937 yil 2 oktabrdan hech bir qonuniy asoslarsiz 1 yilu 4 oy qamoqda bo‘lganini, farzandlarining chekkan azob-uqubatlarini hikoya qiladi. 1939 yilda ozod bo‘lib, Gruziyaga kelgani va Tibilisida fabrika plan bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlayotganiga to‘xtaldi. Shundan so‘ng bundan 18 yil avval ota-onasi bo‘htonlar asosida qamoqqa olinib ko‘chada qolgan farzandi Temur (Asqar) Akbarovich Islomovning kamoloti haqida yozdi. Uning kelajagi uchun ham otasining pok nomini tiklash masalasini ko‘taradi.
Ketevan Davidovnaning murojaati asosida, 1954 yil 4 sentabr kunidan A.Islomovning ishini qayta ko‘rib chiqishga qaror qilinadi. Va nihoyat, 1956 yil 29 iyun kuni SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasi tomonidan Akbar Islomov oqlandi.
Xullas, oradan 20 yilga yaqin vaqt o‘tib adolat qaror topdi. Qo‘qon shahriga uning haqiqiy farzandi qaytarildi. U ishlagan tipografiyaga, 1-sonli o‘rta maktabga va Xo‘qandi latifning bosh ko‘chalaridan biriga uning nomi berildi. Shubhasiz, Akbar Islomovning achchiq qismati mustabid tuzumning xalqimiz boshiga solgan mudhish ko‘rguliklaridan biri, qora dog‘ sifatidan tariximizga muhrlandi. Uning chaqmoq singari qisqa, daryodek jo‘shqin umri davomida amalga oshirgan samarali mehnat faoliyati, alohida tadqiqot uchun arzirlidir. Darhaqiqat, sovetlarning “bo‘lib tashla, hukmronlik qil”degan g‘arazli maqsadini ifodalagan “milliy davlat chegaralanishi” siyosati oqibatida tarixiy Turkistonda bir qator yangi davlatlar tashkil etildi. Ana shu jarayonda vujudga kelgan O‘zbekistonning oyoqqa turishida xalqimizning fidoiy farzandlaridan biri bo‘lgan Akbar Islomovning ham ulkan hissasi bor. A.Islomov 1927 yil aprel va 1929 yil may oylarida Moskvada SSSR sovetlarining IV- va V- s’ezdlaridagi o‘z chiqishlarida O‘zbekiston SSRda xalq xo‘jaligini rivojlantirish, mehnatkashlar uchun madaniy turmush sharoitini yaxshilash masalalarini ko‘taradi. Jumladan, uning tashabbusi bilan Farg‘onada tekstil fabrikasi, Marg‘ilon va Eski Buxoroda ipakchilik fabrikalari qurildi. O‘zbekistonda og‘ir sanoatni oyoqqa qo‘yish maqsadida uning bevosita rahbarligida Sho‘rsu neftni qayta ishlash zavodi, “STO” ozekert konlari ishga tushirildi. Qator elektrostansiyalar bunyod etildi. A.Islomov o‘lkada mataxassislarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olib, Moskva va boshqa shaharlarda mahalliy kadrlarni o‘qitish uchun fidokorona kurash olib bordi.
Ho‘qandi latifda oddiy oilada tavallud topgan Akbar Islomov o‘z faoliyati davomida oddiy harf teruvchilikdan sovetlar hukumatining eng yirik davlat lavozimlarigacha bo‘lgan mansab pillapoyalarini bosib o‘tdi. U 1918-24 yillarda Turkiston MIK a’zosi, 1925-37 yillarda O‘zbekiston SSR MIK a’zosi, 1925 yildan SSSR va Turkmaniston SSR MIK a’zosi sifatida ish olib bordi. Akbar Islomov haqida “Pravda Vostoka”, “Qizil O‘zbekiston”, “Farg‘ona” gazetalarida qator maqolalar chop etildi. Hatto, 1935 yil nashr etilgan “Bolshaya Sovetskaya Ensiklopediya” kitobining 29-jildiga Akbar Islomov sovetlar mamlakatining yirik davlat arbobi sifatida kiritildi. Biroq, Akbar Islomov hech qachon o‘z xalqiga xiyonat qilmadi. U bir umr oddiy o‘zbek farzandi sifatida o‘z burchilarini unutmadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

− 2 = 1

Akme Consalting !!!

Bizga qo‘shiling !

Kirish Yopish
error: Content is protected !!