Buxoroda XIX asr oxiri va XX asr boshlarida maorif siyosatiga oid muammolar va ularning yechimlari.

Ushbu maqolada Buxoro xalq respublikasining tashkil qilinganidan keyin xalq ta’lim tizimida olib borilgan katta o’zgarishlar, maorif siyosati, respublikada tashkil qilingan xalq ta’lim nozirligi, maktablar, o’quv kurslarining, oliy ta’lim muassasalarining tashkil qilinishi haqida, maorif sohasi uchun ajratilgan mablag’lar, o’quv darsliklari va shu kabi ma’lumotlar yoritligan.

Buxoroi sharif qadm asrlardan beri ilm beshigi, ta’lim va tarbiya o’chog’i bo’lib kelgan. Eng qadmgi davrlardan to hozirgi kunga qadar ilm-ma’rifat sohasida yetakchilar qatoridan tushgani yo’q.  Bu zaminda ne-ne allomalar, olimlar va ma’rifatli kishilar yetishib chiqishgan. Bularga Imom al-Buxoroiy, Abu Ali ibn Sino, kabi qadim ajdodlarimiz, F.Xo’jayev, Fitrat, Qori Yo’ldosh Po’latov, S.Ayniy kabi jadid ma’rifatparvarlarini  ham misol qilib keltirishimiz mumkin.

XIX asr oxiri XX asr boshlarida Buxoroda ta’lim tarbiyaga e’tibor kuchaya boshladi, chunki Rossiya imperiyasi bosqinidan keyin yuzaga kelgan buxoro jadidchilik oqimi vakillari ta’lim tizimidagi oqsashlarni, dogmatism bo’lib qotib qolgan eskicha o’qitishni yangilash va boyitishni oldilariga maqsad qildilar. Jadidlar eng dastlab ishni maorif sohasini isloh qilish, tubdan o’zgartirishdan boshladilar. Buxoroda BXSR tashkil qilinishidan oldin amirlik davrida Amir Olimxon tomonidan “Ta’lim to’g’risida”gi farmon imzolandi va bu farmonga ko’ra talablarga turli hoshiyalarni o’qitilmasligi, tafsir va hadis rasmiy dars sifatida kiritilishi, maktablarga bir nozir tayinlash” haqida belgilab qo’yildi. Lekin bu ham jadidlarni qoniqtirmadi.

Buxorda amirlik tugatilib respublika tashkil qilinganidan keyin, jadidlar asosiy e’tiborini maorif, ta’lim soxasini ynagilashga qaratdilar. Respublikada eng avval 1920-yilda ta’lim-tarbiya tizimi o’zgartirish va yaxshilash maqsadida ta’lim, maorif nozirligi tashkil qilindi. Xalq maorifi nozirligi bosh noziri qilib Qori Yo’ldosh Po’latov tayinlandi. Qori Yo’ldosh Po’latov zamonaviy rusumdagi maktablar

ochish, odamlarni savodli qilish, qobiliyatli yoshlarni Germaniya, Turkiya kabi davlatlarga o’qishga yuborish kabi dolzarb yumushlarda jonbozlik ko’rsatdi.

 1920 yil 17-sentabrida nozirlik ixtiyoriga amirlik davridagi barcha mavjud bo’lgan kitoblar, darslik qurollar, o’quv-yozuv asboblarini topshirish, nozirlik ruxsatisiz bularni chetga chiqarish va chetdan kiritishni man qilish to’g’risida buyruq chiqarildi[1].

Xalq maorif nozirligi vazifasiga quyidagilar kiritilgan edi:

  • Muallimlar tayyorlaydigan madrasalar ochish
  • Mirzolar kursini ochish
  • Talaba o’quvchilarni moddiy ta’minlash
  • Xibsda turgan maxbuslarga axloq tuzatish uchun qiroatxonalar ochish
  • Tumanlarda ta’lim muassasalarini ochish
  • Chekka tumanlarda ham yoshlarni o’qishga jalb qilish

Buxoroda nozirlik tashkil qilinganidan bir yil o’tib Buxoro shaxrida dastlabki dorulmuallimin tashkil qilindi, ushbu o’quv maskanida darslar kunduzgi va sirtqi bo’limlarda olib borilib, ikki yil muddatda ta’lim berilardi. Xuddi shu yili xozirgi Turkmaniston hududiga kiruvchi Chorjo’y shaxrida qurilgan “Nikolay” gimnaziyasi o’rnida “Fayzulla Xo’jayev” nomidagi ikkinchi dorulmuallimin ochilib, faoliyat boshladi. Bular har ikkalovi ham Buxoro XSR uchun o’qituvchilar tayyorlab bera boshladi. Ta’limning sifatini yaxshilash, o’quvchilarni yanada bilimli, ma’naviyatli va bilim doirasini kengaytirish maqsadida Turkiston ASSR, RSFSR, Tatariston ASSR, Ozarbayjon va Turkiyadan 1921-yilda 2000ta, 1924-yilda esa 15000 dan ortiq rus, turk, tatar va o’zbek tilidagi adabiyotlar, darsliklar keltirilib o’quv muassasalariga tarqatildi.

Buxoro XSRda jadid namoyondalari F.Xo’jayev, A.Fitrat va ular bilan birgalikda bir qator jadid ma’rifatparvarlari o’zlarining xisobidan respublika budjetiga iqtisodiy yordam ko’rsatishgan. O’quv muassasalarini rivojlantirish, ta’lim sohasini yanada yaxshilash maqsadida respublika fondidan maorif sohasiga mablag’ar ajratilgan. 1922-23 o’quv yillari mobaynida davlat byudjetidan maorif ishlari uchun 5 % mablag’, 1923-24 o’quv yillari uchun esa 21% mablag’ ajratilishi tasdiqlangan.  Bularning barchasi esa respublika ta’sis etilganidan boshlaboq ta’lim va maorif sohasini yaxshilash, bu sohada yuori marralarga erishib xalq yosharini yaxshi bilimli, yetuk mutaxassis qilib o’qitishni o’zining ustuvor vazifasi qilib belgilab olgan edi.

Buxoro XSR da ta’lim sohasini rivojlantirish uchun turli muassasalar, o’quv kurslari, oliy o’quv yurtlarini tashkil qilininb bularni yuksaltirish uchun bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan bo’lsa ham lekin hali muammolar talaygina edi. Bu muammolarga o’quv muassasalarining talabga javob bermasligi, o’qituvchilarga to’lanadigan haqning kamligi hamda o’quvchilarni ushbu muassasalarga jalb qilish muammosini misol qilishimiz mumkin. Jadidlar faoliyatiga qarshi turgan harakat vakillari xalq fikrini zaxarlab turganliklari uchun olib borilayotgan yangiliklar, maorif sohasidagi jonkuyarliklar samarasi kam edi. O’qituchilar oylik maoshi kamligi bois muassaslarda mutaxassislar yetishmas edi. Bularning barchasini inobatga olib,  muammolarni hal qilish maqsadida 1923-yilda nozirlikning 1-qurultoyi chaqirildi va bu qurultoyda Abdurauf Fitrat ma’ruza qilib ushbu muammolarni keltirib chiqargan sabablarni va ularni bartaraf etish yo’llari haqida gapirib o’tdi.

A.Fitrat 1920-yilda ochilgan 160ta ibtidoiy maktab va 4 ta qizlar matabi hamda o’quv kurslari ochilib, bolalar bilan to’lib ketgani, lekin biroz vaqt o’tganidan keyin odamlar farzandlarini bunday maktablarga bermay qo’yganliklari haqida shunday fikr bildiradi: “Inqilob to’lqinidan qo’rqib qolgan xalq hech bir narsa anglamasdan tomonlarga qizil bayroqlar osg’ani kabi o’z bolalarini maktablarga qo’ya berdi. Unlarning yangi maktablarga bola yog’dirishlari maorif tarafdori bo’lg’onliklari emas, o’zlarini yolg’ondan “jadid” ko’rsatmak va hukumatning aksilharakatga qarshi ochilg’an kurashidan qochmog’lik uchun edi. Inqilobning birinchi to’lqinli kunlari bo’lg’on birinchi davrisi o’tdi. Hukumatda, xalqda biroz tinchlandi. Har kim o’z ishig’a mashg’ul bo’lmog’i uchun musoada borlig’ini angladi. Mana undan keyin xalq sekin-asta bolalarini maktabdan chiqara boshladilar”[2]. Yuqoridagi fikrlardan ko’rinib turibdiki o’sha vaqtdagi kishilar hukumatning aksilinqilobiy harakatlaridan qutulib omon qolish maqsadida o’zlarini yolg’ondan jadidlar tarafdori qilib ko’rsatib maktablarga bolalarini qo’yaverdilar. Lekin barisi biroz tinchib, to’lqin o’z kuchini yo’qotib, xalq ham, hukumat ham tinchlana boshlagandan keyin sekin asta maktablar va muassasalardan bolalar qaytarib olina boshlangan. Bunday holatda maorif nozirigi ming afsuslar bilan maktablarning bo’shab qolgan va moddiy kuchlar yetarli darajada bo’lmagani sababli ularning katta qismini yopishga va qisqartirishga qaror qiladi, ammo qolgan qismida ham o’quvchila soni kamayib, darslarga kelmay qo’yadilar. Noiloj ularni maktabga militsiya orqali olib kelishga kelishadilar. Ammo bu vaqtinchalik chora ekanligi ta’kidlanib, militsiya bilan bolalarni jalb qilish ta’limda hech qanday samara bermasligi aytildi. Shu tufayli o’qishni yana davom ettirish maqsadida Buxoro shaxridagi maktablarning birida “Otalar majlisi” chaqirildi. Ushbu majlisda ishtirok etayotgan otalardan uch kishi komissiya azosi qilib tayinlanib, bolalarni maktablarga jalb qilish uchun mutasaddi qilib belgilandilar, hamda maktabda  bo’ladigan ma’naviy va moddiy nuqsonlar haqida maorif nozirligiga doimiy hisobot berib borishlari vakolati yuklandi. Endilikda bolalar komissiya tashabbusi bilan maktablarga militsiyasiz kela boshladilar. Bu tadbirdan keyin ko’zlangan maqsad amalga oshib boshlagandan keyin nozirlik butun respublika bo’ylab bunday nozirliklarni tashkil qilishga takliflar ishlab chiqdi.

Xulosa qilib aytganda Buxoro XSR da ta’lim-tarbiya va maorif sohasini shakllantirish, zamon bilan hamnafas bo’lish, zamonasining darajasida o’qitish, yoshlarni chet davlatarda o’qitib malakali kadrlar bo’lib yetishishlarida 1920-1924-yillarda jadid ma’rifatparvarlarining o’rni beqiyosdir. Jadidlar yoshlarini o’qitish uchun, davlatni rivojlantirish maqsadida kerak bo’lsa o’zlarining shaxsiy sarmoyalarini ham ayamay sarfladilar. Bu ma’rifatparvarlarning asosiy vazifalari qilib quyidagilarni olishimiz mumkin: maktablar, o’quv kurslari, oliy o’quv yurtlari tashkil etish hamda yurtning istiqboli uchun kurashadigan barkamol avlodni voyaga yetkazishdan iborat bo’ldi. Ular bu mashaqqatli yo’lda o’zlariga qarshi chiqqan minglab g’ovlar, to’siqlarga qaramay umrlarining oxirigacha xalq dardi bilan yashadilar va tinim bilmay kurashdilar.


[1] “Buxoro axbori”. 1920 yil 17 sentabr. 2-son.

[2] Maorif ishlari (1-maorif qurultoyida Fitrat o’rtoqning ma’ruzasi)// “Uchqun” jurnali, 1923 yil 1 aprel. B-2

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

− 3 = 2

Akme Consalting !!!

Bizga qo‘shiling !

Kirish Yopish
error: Content is protected !!