Behbudiyning publististik hayot yo’li
Ushbu maqolada Mahmudxo’ja Behbudiyning jadidchilik faoilyatidagi publististik ishlari, jamiyat rivojidagi bartaraf qilinishi lozim bo’lgan muammolar yuzasidan bildirgan fikrlari bayon qilingan
#Behbudiy, #jadid
XIX asr axborot kommunikatsiya va kompyuter texnologiyalar asri ekanligi hech kimga sir emas. Shiddat bilan rivojlanib kelayotgan bu davrni O.A.V hamda jurnalist-bloggerlarsiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Tevarak atrofimizda bo’layorgan voqea hodisalar, turli jarayonlardan boxabar bo’lishimizda O.A.Vning o’rni katta. Ayniqsa hozirgi ochiqlik va oshkoralik zamonida ularning olib borayotgan faoliyati insonlar hayotini yaxshilashga o’z hissasini qo’shadi.
Prezidentimiz SH.M Mirziyoyevning 2020-yil 27-iyun “Jurnalistlar kuni”ga bag’ishlangan bayram tabrigida quyidagi fikrni ta’kidladilar: “Bir narsani bilib qo’yinglar, bu ochiqlik, oshkoralik hech qachon ortga qaytmaydi. Ochiqlik qanchalik ko’p bo’lsa, ommaviy axborot vositalari haqiqiy muammolarni, haqiqiy holatlarni qonuniy yo’llar bilan ko’p bildirsa men rahbar sifatida ulardan minnatdor bo’laman”[1]. Bu bilan prezidentimiz jurnalistlarning faoliyati har sohada: xoh u ijtimoiy, xoh siyosiy, xoh iqtisodiy bo’lsin barchasida oshkoralik va ochiqlikni ta’minlash katta ahamiyat kasb etishini bildirdilar.
Jurnalistika tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak, butun Turkiston o’lkasida dastlabki matbuot va jurnalistik faoliyat XIX asrning 80-yillariga borib taqaladi. Eng birinchi matbuot gazetasi Rossiya imperiyasi bosqinidan keyin mustamlaka bo’lgan Turkiston jumhuriyatini ogohlik va mustaqillikka chorlash, mustamlaka zulmiga qarshi insonlarni kurashishga da’vat qilish maqsadida yangi tuzum tarafdorlari ya’ni jadidlar tomonidan nashr qilingan. Ilk jadid matbuoti 1883-yilda Bog’chasaroyda Ismoil Gaspirali tomonidan nashr qilingan va uning nomi “Tarjima” gazetasi edi, bu bilan u o’lkada o’zlikni anglashni boshlab berdi. I.Gaspiralidan keyin Turkiston o’lkasida bir necha o’nlab jadid nashrlari va gazeta-jurnallari paydo bo’la boshlari. Bularga misol qilib: Ahmad Hodi Maqsudiyning “Yulduz”, Fotix karimning “Vaqt”, “Ulfat” gazetalari, Munavvarqorining “Xurshid”, Avloniyning “Shuhrat”, Ahmadjon Bektemirovning “Osiyo” hamda Mahmudxo’ja Behbudiyning “Oyna” jurnali hamda “Samarqand” gazetalarini misol qilib keltirishimiz mumkin.
“Oyna” jurnali Behbudiyning qaynoq faoliyatini ko’rsatadigan va g’oyalarini ilgari surgan yorqin yodgorlik hisoblanadi. Jurnalning birinchi soni 1912-yil 20-avgustda chiqqan bo’lsa, oxirgi soni 1915-yil 15-iyunda chiqqan. Shu 3 yil davomida bu jurnal zamonasining voqealarini, Behbudiy esdalik va xotiralarini hamda yoshlarga yo’llagan murajaatini o’zida aks ettirgan. “Oyna” jurnali har haftada bir marta chiqarilgan, har soni 22 saxifadan iborat bo’lgan. Jurnalning 47-sonidan boshlab fotoillyustratsiyalar joy ola boshlagan. Bu fotolar ichida Behbudiyning ustozi I.Gaspirali, Samarqand obidalari hamda o’zining sayohatlari davomida to’xtab o’tgan diqqatga sazovor joylarining suratlari aks ettirilgan edi. Jurnal boshidan 4 tilda nomlanib chiqqan: “Oyna”- “Ko’zgu”- “Mir’at”- “Зеркало” nomlari bilan bosilgan. Behbudiy nima uchun jurnalning nomini bunday “Oyna” deb qo’yganini quyidagicha ta’riflaydi: “Oyna… Unda odam nazar tashlasa o’zini ko’radi va qiyofasining qandayligidan ogoh bo’ladi. Qizil, sariq, qora yoki oq bo’lsa, bu omillar ta’siri natijasinda uning moddiy va ma’naviy holatining hosili bo’lgan… kishi ilojini qidira boshlaydi… Odamzotning oynasi odamdir… Boz ustiga, odamzotning oynasi boshqa odamdir. Do’stlar bir-birining oynasidir va faqat odamzotgagina oyna yasash hamda yaratish mahorati berilgandir”[2] Behbudiy bu bilan odam qachonki yuziga oyna tutilgandagina o’zining qanday inson ekanligini, u yaxshimi yoki yomon kimsa ekani bilinadi deb ta’kidlaydi.
Behbudiy shu vaqtning o’zida “Oyna” jurnali bilan birgalikda Samarqandda “Samarqand” gazetasini ham chop qilib borgan. “Samarqand” gazetasi- jadidlarning ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy gazetasi bo’lgan. Mazkur gazetaning ilk soni 1913-yilning 15-aprelidan Samarqand shahrida haftasida 2 marta oʻzbek, fors va rus tillarida chop qilingan. Nashryotchi va bosh muharr Mahmudxoʻja Behbudiyning o’zi bo’lgan. “Samarqand” gazetasida Turkiston oʻlkasi xalqlarining taraqqiyoti koʻzlangan va jamiyatdagi islohotlarni ko’rsatuvchi maqolalar va sheʼrlar chop etilgan.
Bundan tashqari yevropa va AQSHda nashr etiladigan gazetalar va ularning oʻquvchilari haqida ham xabarlar berilgan. Hoji Muin, Munavvarqori, Fitrat, Kamiy, Saidrizo Alizoda, Nusratilla Qudratilla oʻgʻli (Milliy), Rojiy va boshqa jadid adiblarining asarlari eʼlon qilib xalqga taqdim qilib borilgan. Adadi 400—600 nusxadan iborat boʻlgan. 1913-yilning. 17-sentabrida 45-soni chiqqach, moddiy qiyinchilik sababli “Samarqand” gazetasi bosib chiqarilishi ham ham toʻxtagan. Oradan biroz vaqt o’tgach 1915-yilning yozida “Oyna” jurnali ham o’z faoliyatini tugatgan. Bu jurnal va gazetalarni davlat yoki hukumat tomonidan moliyalashtirilmagan, bu xarajatlar hammasi Behbudiyning o’z shaxsiy pullaridan, shaxsiy sarmoyasidan foydalanib chop etilgan. Ammo rus imperiyasi butun jadidlar faoliyati bilan birga gazeta va jurnallarning bosilishiga ham qarshilik ko’rsatishgan , monelik qilingan. Ushbu gazeta va jurnallarda yosh ma’rifatparvarlarning badiiy asarlari, xalqni musatqillikga undovchi she’rlari hamda atrofda ro’y berayotgan voqea hodisalar yoritib borilgan.
Mahmudxo’ja Behbudiy o’zining “Oh va hasrat” nomli maqolasida odamlarning turmush tarzini ulamo isloh etishi kerakligi, taʼlim-tarbiya uchun ular masʼul ekaniga urgʻu berib, olimlarga “varasai anbiyo” — paygʻambarlarning vorislari sifatida qaraydi va shunday fikr bildiradi: “Har millat va din ahlining boshchi va hodiysi ulamodurlar. Ulamo hazrati, albatta, tullab ichidan yetishib chiqadi. Ulamo hazrati millat uchun diniy va dunyoviy ishlargʻa yoʻl koʻrsatuvchi va tarbiya etuvchidirlar… Xaloyiqni hech kim goʻridan chiqarib isloh etmas. Ulamo, maktab va madrasa isloh etar…”[3] Bu yerdagi fikrlardan ko’rinib turibdiki ilmsizlik, loqaydlik va beparvolik Behbudiyning hasratlariga va oh chekishiga sababchi bo’ldi. Insonlar ongi, hayotini, ilm doirasini isloh qilishni va bilim, haqiqat hamda taraqqiyot uchun olg’a da’vat etishni o’z oldiga ulkan maqsad qilib qo’yadi. Behbudiyning bunday qarashlari va ilm, ta’lim-tarbiya sohasini isloh qilish to’grisidagi mulohazalari Prezidentimiz tomonidan 2020-yilga “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtsodiyotni rivojlantirish yili” deb nom berilib, ilm, fan, ta’lim kishilari, olimlar har tomonlama qo’llab-quvvatlanayotgan bugungi kunimizdagi islohotlarga mazmunan juda yaqin va o’xshashdir. Uning orzu istaklari hozirgi zamonimizda ro’yobga choqmoqda desak mubolag’a bo’lmaydi.
Behbudiy o’z zamonasining ijtimoy-maishiy va ma’rifiy masalalariga ham befarq bo’lmagan. Bunday masalalar bugungi kunda ham o’zining dolzarbligini yo’qotgani yo’q. Bularga misol qilib: to’y va marosimlarni kam xarj qilib o’tkazishni olishimiz mumki. “Oyna” jurnalining 1913-yil 6-sonidagi bir maqolasida shunday yozadi: “Katta toʻy qilib, xotun olgan bir qism bechoralarni holigʻa yigʻlamoq kerak. Uch kunlik toʻyning azasi baʼzi oilalarda oʻn yil, hatto bir umr surar, balki bevatan va xonavayronlikgʻa sabab boʻlur. Aqchalik otalar, albatta, toʻy va maʼrakagʻa qizgʻonmaganlaridek bolani oʻqutishgʻa ham qizgʻonmasa kerakdur”[4] . Bu bilan Behbudiy odamlar bir kunlik to’y qilaman deb atrofdagilari bilan bir xil to’y qilishga urunib butun bo’yinlarigacha qarzga botib ketadilar va buni bartaraf qilish uchun o’n yillab hattoki butun umr qarz to’lash bilan mashg’ul bo’ladilar deb aytadi. Undan ko’ra boyvachcha otalar farzandlariga, o’gillariga dang’illama to’y qigandan ko’ra, shu to’y sarmoyasining yarmini farzandining, avlodlarining o’qishi uchun, ilmli bo’ishi uchun, agar iloji bo’lsa savob yo’lida kam suqum oilalarning farzandlarini ham ilmli bo’lishlariga ko’maklashi, ularning ta’lim olishlariga o’zlarining sarmoyasidan ajratsalar jamiyat rivoji uchun katta yordam bo’lishini aytadi.
Behbudiy ilm-ma’rifat islohoti, jamiyatdagi ijtimoiy-maishiy muammolar bilan bir qatorda o’zbek adabiy tili, xalq tilining qismati, insonlarni yakdillika chorlash, tarqab ketmaslik va bir yoqadan bosh chiqarishga undash Behbudiyni oʻylantirgan edi. 1917-yilning yozida “Ulugʻ Turkiston” gazetasida bosilgan bir maqolada Behbudiy shundayfikr bildiradi: “Xalqimizning hozirgi ixtilofi meni dilxun etar, mayus etar. Boshqa millatlar ittifoq ila ishlaganda, biz bir-birimiz ila dushmanliqgʻa tursak, voy bizning holimizgʻa… Bir dasta tayoqni birga bogʻlasangiz, kimsa sindirolmas. Agarda ajratsangiz, bir-birin har kim sindirar”.[5] Behbudiy insonlarning bir bir bilan ittifoq qilmasligi, nizolarni tashqaridan emas balki ichkaridan avj olib kelishi jamiyatning parokanda bo’lishiga va g’animlarning changaliga osonlikcha tushib qolib qaram bo’lib yurishlariga olib kelishini tushuntiradi. Bu so’zlar bilan aytmoqchi bo’lganki: mazkur sababdan rus bosqinchilariga osonlikcha yengilib, ular qo’lida qaram bo’lib o’tirishga mahkum bo’ldik degan.
Xulosa qilib aytganda oʻz vaqtida ulkan ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy fikrlarni oʻrtaga tashlagan Mahmudxoʻja Behbudiyning publististik faoliyatiga eʼtibor bersak, bugun haqiqiy vatanparvar, millatparvar, el-yurt kelajagi uchun qaygʻurgan fikri tiniq ziyoli, qarashlari keng fidoyi inson koʻz oldimizda gavdalanadi, bu inson goʻyo tarix qaʼridan bizga qarab, bugungi mustaqil, hurriyatli, ozod kunlarni, oʻzining muazzam orzusi roʻyobga chiqqan zamonani gʻoyibona koʻrib, quvonib turgandek boʻladi.
[1] Sh.Mirziyoyev- 2020-yil 27-iyundagi jurnalistlar kuniga bag’ishlangan tabrigidan.
[2] M.Behbudiy Oyna chist? “Oyna”-1913-y N1 25-b. Asl matn tojik tilida bo’lib, buyerda tarjimasi keltirilgan.
[3] M.Behbudiy “Oh va hasrat” maqolasi “Oyna” 1913-y N3
[4] M.Behbudiy “Oyna” jurnalining 1913-yil 6-sonidagi maqolasidan
[5] M.Behbudiy “Ulugʻ Turkiston” 1917-y