Saidnosir Mirjalil o’g’li

Biz mavjudligimizni smartfonlarsiz tasavvur qila olmaymiz. Kichik aqlli qurilmalar bizni hamma joyda kuzatib boradi. Shunday qilib, gadget'lardan foydalanishning afzalliklarini oshirishga nima xalaqit beradi.

XIX asr oxiri XX asr boshlari Turkistonda milliy uyg’onish, o’zlikni anglash, milliy tafakkurning kurtak yoya boshlagan davri hisoblanadi. Bu davrda yurtimizni asriy qoloqlik, mustamlakachilik botqog’idan olib chiqish yo’lida bel bog’lagan, jadidlar deya nom olgan jamiyatning ziyolilar qatlami shakllana boshlaydi. Ularning ichida turli kasb egalari, xususan boylar, savdogarlar, tijorat sohasi vakillari ham bor edi. Ularning bosh maqsadi nochor, ammo bilimga chanqoq yoshlarni topib, ularning bilim egallab yurtning rivojlanishi, ravnaqi yo’lida xizmat qiladigan kadrlar bo’lib yetishishi uchun sarmoya kirigan holda ularni moddiy qo’llab quvvatlash edi. Mana shu sohada faoliyat yuritgan ma’rifatparvar, milliy ozodlik harakatining atoqli namoyandalaridan biri Saidnosir Mirjalilovdir. Hozir biz mana shu shaxs haqida kengroq to’xtalib o’tishga jazm etdik. Negaki, bu kabi jadidlar vakillarining xotirasini tiklash va ularni butun yurt bo’ylab tanitish hozirgi vaqtda g’oyatda muhimdir.
Men siz to’g’ringizda juda ko’p eshitganman. Dastlab sizning nomingiz katta qo’rquv bilan tilga olingan. Lekin, baribr, nomingizni tilga olganda oz bo’lsa ham siz bilan faxrlanish hissi kishilarda jilva qilib turgan. Siz haqingizda ochiqdan ochiq faxrlanib gapira boshladilar. Nafaqat farzandlaringiz, balki vatandoshlaringiz ham. Men qizingiz Zarifaxonimning xotiralarini ilk bor o’qiganimda va bu xotiralar kitobiga kirmay qolgan hayotingiz lavhalarini uning og’zidan eshitganimda sizning Munavvar Qori, Ubaydulla Xo’jayev, Cho’lpon singari zotlar bilan bir darajadagi kishi bo’lganingizga amin bo’la boshladim. Siz yashagan davr manzaralari bilan yaqindan tanishuv sizga bo’lgan hurmat-ehtiromimni yanada oshirdi. Ammo siz haqingizdagi bilimim kam ekanligini sezyapman, o’zingiz madad bering.
Siz kimsiz, Saidnosir afandi?
Saidnosir Abdulhay o’g’li Mirjalilov 1884-yili Turkiston shahrida tavallud topadi. Yoshligidan o’ta ziyrak tadbirkor va mehnatkash bo’lgan Saidnosir tujjorlik faoliyatini kichik bir gazlama do’konini ochishdan boshlagan. Saidnosir Mirjalilovning o’z zamonidan ancha-muncha ilgarilab ketgan tashqi ko’rinishi, kiyimboshi bilan ham, fikrlashiyu tadbirkorligi bilan ham asrimizning 10-yillaridagi vatandoshlarimizdan ko’ra bugungi ildam kishilarga yaqin bo’lgan. U o’rta bo’yli, qorachadan kelgan ko’zlari yirik kishi edi. U 1914-yilda Turkistonda ikkinchi paxta zavodini quradi. Ammo elektrga ega bo’lgan yagona zavod edi u. O’sha vaqtlarda u endigina 30 yoshni qarshilagan edi. Lekin shu yoshda anchagina ishlarni qilib qo’ygan, kattagina sarmoya to’plab ulgurgan edi. Saidnosir Mirjalil o’g’li jamiyat uchun jon kuydirmagan, yosh avlod kelajagi uchun hissa qo’shmagan boylardan farqli o’laroq, o’zi tug’ilib o’sgan zaminda jadid maktabini ochadi va bu maktab uchun Orenburg qozon va boshqa shaharlardan yuqori malakali muallimlarni chaqirtirib keladi.
“Saidnosir, – deb yozadi Shahobiddin Yassaviy “Turkiston tarixi” kitobida, – o’z millatining savodsizligi va siyosat fikrlaridan uzoq qolg’onlaridan ranj chekar edi. Shu sababdan Turkiston xalqini birlikka uyg’otmoq uchun tezlik birlan yosh juvon bolalarni usuli jadid shaklida tarbiya qiluvga majbur qilib Urinburg Qozon, Turkiyadan muallimlar kelturib yosh bolalar ta’limiga boshladi”.
Uning jami yetti farzandi bo’lib, ularning barchasi qiz edi. Shulardan to’rttasi yashab qolib uzoq umr ko’rishgan, ular: Zulfiya, Zarifa, Sharifa, va Muborakka. U Birinchi jahon urushi yillariga kelib o’z ona shahrida muayyan ishlarni amalga oshirgach, oilasini tadbirkor va dono onasiga qoldirib Toshkentga ko’chib keladi.
Saidnosirboy Toshkentga ko’chib kelgach Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xo’jayev singari jadidlar vakillari bilan yaqinlashadi. Ayniqsa u 1917-yilgi inqilobdan keyin vatanini ozod qilish g’oyasi bilan yashadi. O’sha yilning mart-aprel oylarida tuzilgan “Sho’royi Islomiya” tashkilotining faol a’zolaridan biri bo’ldi. Qo’qonga Xizmat safarlari vaqtida Hamza bilan tanishib, uning “Pushti gul” she’rlar to’plami, “Zaharli hayot” pyesalarining nashr etilishiga homiylik qildi. Shu vaqt ichida u shoirni har tomonlama qo’llab quvvatlab, unga ko’plab yordam bergan. Oktabr to’ntarishidan keyin Turkiston muxtoriyatining e’lon qilinishida faol ishtirok etdi hamda shu hukumatning moddiy tashvishlarini zimmasiga oldi. Unga nisbatan 1926-yilda O’rta Osiyo Birlashgan Davlat Siyosiy Boshqarmasining aybnomasi e’lon qilinadi. Uning asosiy sababi esa Saidnosir Mirjalil o’g’lining Turkiston muxtoriyatida faol ishtiroki sababli edi. U Sovetlarning tahdidi tufayli vatanini tark etishiga to’gri keladi va 1918-1921-yillar oralig’ida Turkiya, Ozarbayjon va Rossiyaning markaziy viloyatlarida hayot kechiradi.
Shu o’rinda qiziqarli bir ma’lumotni keltiramiz. Mahmudxoʻja Behbudiy 1919-yilning 25-martida mutlaqo maxfiy bir tarzda xorijga safarga otlandi. Ayrim tarixchilar uning 28-iyunda Versalda imzolanishi rejalashtirilgan Tinchlik shartnomasi marosimiga bormoqchi boʻlganini qayd etadilar. Lekin Behbudiy bilan birga Naim afandi ismli bir turkning ham boʻlganini eslasak, uning safar chizigʻi Boku orqali Turkiyaga qaratilgani maʼlum boʻladi. Xuddi shu vaqtda Saidnosir Mirjalil oʻgʻli Bokuga borib, boshqa yoʻl bilan u yerga keladigan Behbudiyni kutgan. Taxminlarga koʻra, ular Bokuda uchrashib, Turkiyaga borishi va Antanta davlatlari rahbarlari bilan Turkiston xalqlarining keyingi taqdiri haqida muzokara yuritishi lozim edi. Tarix hujjatlari Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti Vilsonning kurashayotgan turkiy xalqlar rahbarlarini Marmar dengizidagi Shahzoda orollariga taklif etganidan dalolat beradi. Binobarin, Behbudiy ham, Saidnosir Mirjalil oʻgʻli ham oʻz oldilariga oʻsha yerga borib, Antanta davlatlari rahbarlari bilan uchrashishni maqsad qilib qoʻygan. Lekin Behbudiyning qoʻlga olingani haqidagi xabarni Naim afandi orqali eshitgan Saidnosir Mirjalil oʻgʻli Toshkentga qaytmay, oʻz hayoti ham xavf ostida boʻlgani uchun Turkiyaga joʻnaydi.
Saidnosir Mirjalil oʻgʻli Turkiston muxtoriyatining tashkil etilishida bevosita ishtirok etibgina qolmay, Muxtoriyat tugatilganidan keyin ham oʻzbek yurtining mustamlaka kishanlaridan xalos boʻlishi yoʻlida faol harakat qilgan, deb dadil ayta olamiz.
Saidnosir Mirjalil oʻgʻli Toshkentga qaytib kelgandan soʻng Qoʻqon muxtoriyat hukumatining sobiq rahbarlari — Obidjon Mahmudov va boshqalar bilan birga Turkistonda erkin yashash huquqini oldi hamda Qoʻqon muxtoriyatining taniqli qatnashchilari ishtirokida “Turkiston” savdo-sanoat shirkatini tashkil etdi”.
1922-yil oxiri — 1928-yil boshlarida “Nashri maorif” va “Koʻmak” jamiyatlarining paydo boʻlishi bilan Saidnosirboyning ijtimoiy-siyosiy faoliyati yanada qizgʻin tus oldi. Munavvar qori Abdurashidxonov boshliq toshkentlik jadidlar hamda Saidnosirboy tashabbusi bilan isteʼdodli yoshlar xorijiy davlatlarga oʻqishga yuborildi.
1925-yil 18-dekabr kuni Saidnosir Mirjalil oʻgʻli qamoqqa olindi. 1926-yil 16-iyulda Birlashgan Davlat Siyosiy Boshqarmasi qoshidagi Maxsus Kengash uni josuslikda ayblab, bir necha yilga konsentratsion lagerga hukm qildi. Uch yillik jazo muddati oʻtgach, Saidnosir Mirjalil oʻgʻli erkinlikka chiqdi. Lekin Sovet davlati joriy etgan tartibga koʻra, u endi surgunda yashashi lozim edi. Sobiq mahbus surgun uchun Semipalatinsk viloyatining tatarlar yashaydigan bir qishlog’ini tanlagan U 1936-yilda nihoyat uyiga qaytadi. Necha yillik ayriliq va azob uqubatlardan so’ng u uyiga, oilasi bag’riga qaytadi. Ularning diydorini ko’radi.
Munavvar qori singari doʻstlarini allaqachon yutib yuborgan davlat bir yil oʻtar-oʻtmas, hali oilasini, farzandlariyu nevaralarini koʻrib toʻymagan, butun hayotini millatga, uning erkin, farovon va charogʻon kelajagiga bagʻishlagan fidoyi insonni yana qamoqqa oldi. Bu voqea 1937-yilning 21-iyulida sodir boʻldi. Oʻsha mudhish yilning 25-oktyabrida esa Saidnosir Mirjalil oʻgʻli otib tashlandi. Uning barcha mol-mulki musodara qilindi.
“Vatan ozodligi uchun molini va jonini fido qilgʻon millat shahidi Sayid Nosirning chirogʻi soʻndi”, – deb yozgan Shahobiddin Yassaviy oʻz kitobida. Saidnosir Mirjalil oʻgʻlining oʻlimi birgina oilasi uchun emas, balki butun oʻzbek xalqi uchun ogʻir judolik edi.
Zarifa Saidnosirova “Oybegim mening” kitobida otasini shunday xotirlaydi: “Shunday qilib, dadam boyoqish 58 yoshida yoʻq boʻldi va shu qisqa umrining 11-12 yilini hibs va surgunlarda oʻtkazdi. Juda aqlli, zehni oʻtkir odam edi u. Bir kuni oʻzaro soʻzlashib oʻtirganimizda, “Agar shunday zamonda tugʻilgan boʻlsam faqat ilm bilan mashgʻul boʻlgan boʻlardim” deb afsuslangan edi. Toshkentda birinchi dafʼa qamoqda oʻtirganida u bir rus matematigi bilan birga boʻlgan va butun oliy matematika kursini mukammal oʻrgangan. Integral, differensial, logarifmani yaxshi bilardi…
Dadam oʻn bir yil zoriqib kutgani ozodlikka erishganidan, oila oldida boʻlganidan nihoyatda xursand, oʻzini qayerga qoʻyishni, ne bilan mashgʻul boʻlishni bilmasdi. Bozorga borardi, qoplab qoʻlyozma va toshbosma kitoblarni topib kelardi. Biz pul yetkaza olmas edik. Maoshimiz keyingi maoshgacha bazoʻr yetardi. Dadam tabiblar, koʻpni koʻrgan qariyalar bilan suhbatlashib, qadimiy tabobatdan maʼlumot toʻplay boshlagan edi. U metereologiyaga oid juda koʻp xalq naqllarini, ob-havoga oid belgilarni yigʻib, necha-necha daftarlarni toʻlagandi. U hatto oʻzi toʻplagan maʼlum otlarni observatoriyaga eltib koʻrsatgan. Observatoriya xodimlari yiqqan, toʻplagan maʼlumotlarini sotishni dadamga taklif etganlar, u esa bu taklifni rad etgan. Afsuski, NKVD xodimlari bu yozuvlarning barini dadamning oʻziga qoʻshib, olib ketganlar”.
Saidnosir Mirjalil oʻgʻli GPU va NKVD hujjatlarida “savdogar” deb atalgan. Zamondoshlari esa uni ulkan maʼrifatparvar inson sifatida hurmat qilgan. U bugungi atama bilan aytganimizda, oʻz davrining ulugʻ tadbirkori edi. Ammo uning maqsadi tadbirkorlik orqasidan sarmoya yaratib, boʻlajak mustaqil oʻzbek davlatining poydevorini qurish boʻlgan. Saidnosir Mirjalil oʻgʻli faoliyatining ana shu pirovard maqsadi GPU aybnomasida toʻgʻri belgilangan. U oʻz davridan ilgarilab ketgan Munavvar qori, Ubaydulla Xoʻjayev, Choʻlponlar bilan bir safda turib, oʻzbek xalqini mustaqillik uchun kurash maydoniga olib chiqishga, uning shuuriga Vatan, Erk, Maʼrifat singari ulugʻ va boqiy gʻoyalarni payvand etishga intildi. Uning hayoti batamom Vatan kelajagiga bagʻishlandi.

Siz kim siz, Saidnosir afandi?
Nahotki, faqat savdogar, bugungi atama bilan aytganda, tijoratchi boʻlgan boʻlsangiz? Jadid maktabini ochgan, paxta zavodini qurgan, Turkiston shahrida elektr chirogʻini ilk bor yoqqan, Toshkentda keng miqyosda faoliyat yuritgan, Turkiston Muxtoriyat hukumatining xazinachisi boʻlgan, Muxtoriyat bolsheviklar tomonidan qonga botirilgach, goh Samaraga, goh Kavkazga, goh Turkiyaga borib, mustaqillik uchun kurash yoʻllarini izlagan, shirkat ochib sarmoya yaratgan va uni Oʻzbekiston istiqboli uchun sarflagan, isteʼdodli yoshlarni xorijga oʻqishga yuborgan va shu yoʻl bilan kelajak meʼmorlarini tayyorlashga intilgan kishi, nahotki, faqat savdogar deyilsa?!
Yoʻq, Siz Munavvar qori Abdurashidxonov, Mahmudxoʻja Behbudiy, Fitrat va Choʻlpon singari milliy istiqlol va milliy taraqqiyot uchun kurashgan va shu kurashning boshida turgan ulugʻ insonlardan birisiz. Siz oʻz davridan ilgʻorlab ketgan, yangi tarixiy davrning kelishi va qaror topishi uchun Olloh tomonidan yuborilgan qaldirgʻochsiz. Sizdek fidoyi shaxslar boʻlmasa, mustamlaka zanjirlarining parchalanishi, jamiyatning yangilanishi, toza va hayotbaxsh Havoning kishilar vujudiga kirib kelishi mahol edi. Sizdek kishilar tufayli kurashning safosi, fidoyilikning jafosi va hayotning maʼnosi avlodlar tomonidan kashf etib boriladi. Siz kimsiz, Saidnosir afandi?!
Naim Karimovning “Hayotning ma’nosi” maqolasi, hamda Zarifa Saidnosirovaning “Oybegim mening” kitobi asosida tayyorlandi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

21 + = 26

Akme Consalting !!!

Bizga qo‘shiling !

Kirish Yopish
error: Content is protected !!