Ma’rifatparvar shoir, davlat va jamoat arbobi Mirzo Abdulvohid Burhonov 1875 yili Buxoroda tavallud topadi. Dastlabki ta’limni eski maktabda oladi.
XIX asrning 90-yillaridan Abdulvohid Burhonov Munzim taxallusi bilan ma’rifiy she’rlar yoza boshlaydi, keyinchalik esa amaliy faoliyatida ham ma’rifatparvarlik bilan shug‘ullanadi. XX asrning birinchi o‘n yilligida Munzim yangi usuldagi maktab ochish uchun harakat qila boshlaydi. Buxorodagi dastlabki jadid maktabining ochilishi ham uning nomi bilan bog‘liq. U 1908 yili Samarqandga borib, jadid maktablaridagi o‘qitish uslubini Mahmudxo‘ja Behbudiy va Abduqodir Shukuriydan o‘rganadi va shu yili o‘z hovlisida jadid maktabi, 1909 yilda esa katta yoshdagilar uchun kechki maktab tashkil etadi.
Buxoroda 1909 yildan shakllangan jadidlar tashkiloti avval ma’rifatparvarlik ishlarini olib bordi. Munzim bu tashkilot ishiga faol qatnashib, shu yili Mukammil Burhonov, Sadriddin Ayniy bilan birgalikda bilan “Tarbiyayi atfol” («Bolalar tarbiyasi») maxfiy jamiyatini tuzishda ishtirok etdi. Bu jamiyat buxorolik ma’rifatparvarlar va hur fikrli ziyolilar o‘rtasida ilg‘or demokratik g‘oyalarni targ‘ib etib, xalqning siyosiy ongini uyg‘otishda katta ahamiyat kasb etdi.
1917 yil fevral inqilobidan so‘ng Buxoro jadidlari A.Burhonov boshliq eski jadidlarga, F.Xo‘jaev va A.Fitrat boshliq yangi jadidlarga bo‘linadi. Birinchi guruhning asosiy faoliyati ma’rifarparvarlik bo‘lsa, ikkinchi guruh keng islohotlar tarafdori edi. Keyinchalik bu ikki guruhning birlashuvi natijasida “Yosh buxoroliklar” partiyasi tuzilib, Munzim unga rais etib saylanadi.
1918 yildan 1920 yilning sentyabrigacha Munzim Toshkentda yashaydi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilgach, u avval Markaziy ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, keyinchalik Xalq maorifi noziri, Sog‘liqni saqlash noziri lavozimlarida ishlaydi.
Xalq maorifi noziri lavozimida ishlagan Munzim 1922 yil iyunida milliy kadrlar, xususan, muhandislar tayyorlash maqsadida bir guruh buxorolik yoshlarni Germaniyaga yuborish to‘g‘risidagi BXSR hukumati qarorining qabul qilinishiga katta hissa qo‘shadi. Shu qarorga asosan, u mazkur ishni tashkil etish bo‘yicha komissiya raisi etib tayinlangan edi. 1922 yilning yozida Munzimning shaxsan o‘zi buxorolik 44 kishini Germaniyaga olib borib, Berlindagi o‘quv yurtlariga joylashtiradi.
1920 yillarning o‘rtalaridan boshlab Munzim o‘zini tamoman ijodiy va publitsistik faoliyatga baxshida etadi. 30-y. boshida «Tojikistoni surx» gazetasida ishladi.
Abdulvohid Munzim 1934 yilda uzoq davom etmagan kasallikdan so‘ng Dushanbeda vafot etadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + 4 =

Akme Consalting !!!

Bizga qo‘shiling !

Kirish Yopish
error: Content is protected !!