Behbudiyning maorif sohasidagi xizmatlari
“Maorif uchun birgina maktab kifoyat qilmaydur. Zamonamizning va dunyoning voqealari bilan tanishib bormog’liqlari lozimdur. Millat va Vattaning axvolidin, kundalik hayotidin ogoh bo’lmog’i darkor. Millat uchun oyna kerak, tokay unda o’z qaboxatiyu malohatini ko’ra olsinlar.”
Biz o’z qismatimizni bilamiz… agar bizning hayotimiz hurriyat va xalqning baxt-saodati uchun qurbonlik sifatida kerak bo’lsa biz o’limni ham xursandchilik bilan kutib olamiz. Mumkinqadar ko’proq yaxshi maktablar ochish, shuningdek maorif va xalq saodatini ta’minlash sohasida tinmay ishlash bizga eng yaxshi haykal bo’ladi.[1]
Mahmudxo’ja Bexbudiyning qatl oldidan yozgan vasiyatnomasidan.
Kirish
XIX asr oxiri XX asr boshlarida O’rta Osiyo hayotida jadidchilik harakatlari va namoyondalari, ularning ilm-ma’rifat, ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotidagi ulkan rolisiz tasavvur qilish qiyin. Bu davrda Rossiya imperiyasi bosqini va turli siyosiy tartibsizliklar xalqning hayotini izdan chiqarib bo’lgan edi. Shu tufayli Turkistonda yoyingki O’rta Osiyoda yangi hayot, yangi maqsadlar va yangi tuzumni shakllantirish kerak bo’ldi. Bu mashaqqatli ishni o’zbekning mard o’gloni Samarqandlik Yassaviy avlodidan bo’lgan mufti Mahmudxo’ja Bexbudiy o’z zimmasiga oladi hamda “Jadidchilik” harakatlariga asos soladi.
“Jadidchilik” yoki “jadidizm” so’zining ma’nosi arabchadan olganda- “yangi”, “yangilik”, “yangi yo’l” degan ma’nolarni anglatadi. Jadidchilik avvaliga insonlar moddiy-madaniy hayoti, madaniyati sohasidagi harakat sifatida faoliyat yurutgan. Bu oqim vakillari taraqqiyot uchun kurash, turkey tillarni rivojlantirish, shu tillardagi adabiyotni boyitish, dunyovi ilmlarni o’rganish, fan yutuqlaridan foydalanish hamda ayollar va erkaklar teng huquqliligi uchun kurashga targ’ib qilishgan va yoyishgan. Jadidchilik harakati namoyondalari ko’pincha o’zlarini taraqqiyparvarlar, keyinchalik jadidlar deb atashgan. Turkistonda jadidchilik harakatini vujudga keltiruvchilar tepasida Mahmudxo’ja Bexbudiy, Abduqodir Shukuriy(Shakuriy), Ajziy(Samarqand), Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Majid Qori Qodiriy, Fitrat, Fayzulla Xo’jayev, Sadriddin Ayniy, Hamza, Cho’lpon kabilarni keltirishimiz mumkin.
Jadidchilik harakati va namoyondalari haqida ko’plab ilmiy ishlar qilingan hamda ularning hayotiga, bosib o’tgan faoliyat yo’liga bag’shlangan kitoblar nashr qilingan. Bulardan Behbudiy ijodini va faoliyatini o’rganganlarga misol qilib quyidagilarni misol qilishimiz mumkin: O’zbekistonda H.Sayd, N.Avazov, Z.Axrorova o’rganishgan, D.A Alimova hamda D.A Rashidovalr “Mahmudxo’ja Behbudiy va uning tarixiy tafakkuri” nomli risola chop qilishgan. Maktablarda Adabiyot darsliklarida ham M.Behbudiy hayoti va ijodi keng o’rganiladi. Tojikistonda R.Xodizoda, Germaniyada I.Baldauf, AQSHda E.Olvort Behbudiy hayoti va ijodi bo’yicha ilmiy izlanishlar olib borganlar. Bundan 94 yil muqaddam 1926-yili shaqrshunos Laziz Azizzoda Behbudiy to’g’risida fikr bildirib quyidagini yozadi: “Agar O’zbekistonda Navoiy va Ulug’bekdan boshqa uchinchi bir ilm va madaniyat arbobiga haykal qo’yiladigan bo’lsa, shubhasiz bu Behbudiyning haykali bo’lg’usidir”[2].
Adib, dramaturg, noshir, teatrchi, jurnalist, Turkiston ijtimoiy-siyosiy harakatining eng yirik namoyondasi va yangi davr o’zbek madaniyatining asoschisi bo’lgan Mahmudxo’ja Bexbudiy haqida yozish anchagina mashaqqat va mehnat talab qiladi, chunki u zoti sharifning hayot yo’li XX asr tarixining keskin va eng qaltis xodisalari va burulishlari bilan bog’liq. Bexbudiy nafaqat adib balki yangi davr maorifini shakllantirishga katta hissa qo’shgan pedagog-ustozdir. U hayoti davomida o’z ustida qunt bilan ishlab qozi, muftiy darajasigacha ko’tarilgan. Bu yo’lda Rossiya jadidlari harakatining asoschisi Ismoilbek Gasprinskiyning xizmatlari katta bo’lgan.
Yuqoridagilardan ko’rinib turibdiki o’sha davrlardagi boshlangan inqiroz va turg’unlik, o’zaro janjal Rus imperiya hukumatining qilgan zo’ravon- bosimiga qaramasdan jadidlar rahnamosi bo’lgan Behbudiy yoshlarni, xalqni savodli qilishga, ularga ta’lim berishga urinadi va shu yo’lda bor umrini sarflaydi. Behbudiy yoshlarga murojaat qilib shunday deysi: “Muhtaram yoshlar! Barchamizga oftob kabi ravshan va ayondurki, makotib – taraqqiyning boshlang’ichi, madaniyat va saodatning darvozasidur. Har millat eng avval, makotibi ibtidoiysini zamonicha isloh etib ko’payturmaguncha taraqqiy yo’lig’a kirub madaniyatdan foydalanmas. Madaniyati hozirdan maxrum qolub,sanoe va maorif salohi ila qurollanmagan millat esa, dunyoda rohat va saodat yuzini ko’rolmas. “Muborizao hayot” maydonida mutlaqo mag’lub bo’lur, oyoqlar ostida ezilur, diniy, iqtisodiy ishlarda o’zgalarning asiri bo’lur, bora-bora milliyat va diyonatini ham qo’ldan berur. Ana ushbu yo’llar ila oxiri mahv va nobud bo’lib ketar.”[3]deydi. Bu bilan Behbudiy yoshlarga, atrofdagi birodarlarga maktab va maorif sohasini isloh qilishni, yoshlarga ta’lim tarbiya berish lozimligi haqida aytadi. Yoshlar bilimsiz bo’lsa, maktab o’z faoliyatini zamonasiga moslab isloh qilmasa, eski tizim bilan ish faoliyatinin davom ettirsa o’quvchilar dunyoviy fanlardan bexabar qolishlarini takidlaydi. Yoshlar va kelajak avlod bu ta’lim va tarbiyadan mahrum bo’lib o’ssalar o’z xalqi madaniyati va ma’rifadidan ajralishi, buning natijasida millat yoq’likka yuz tutishi mumkinligini aytadi. Ta’lim-tarbiyani yangticha usulda olib borilmasa yoshlar onggi eski aqidalar, va eskicha fikrlsh ostida qolib ketadi, buning natijasida yoshlar o’z dini haqidagi bilimlarni, iqtisodiy va xo’jalik ishlarida boshqalarga qaram bo’lib, ularsiz ish qilolmaslar deydi. Agrda o’zimiz shu ilmlarni yoshlarimizga yetkaza olsak ular yangi jamiya qurishda va uni isloh qilishda hech qiynalishsiz ish olib borishlarini ta’kidlaydi. Buning uchun jamiyatdagi maktablarni tubdan isloh qilish, kerak bo’lsa yangi usul maktablarinitshkil qilishni ilgari suradi. Bexbudiy Turkistondagi maktablarni isloh qilish “usuli savtiyani” joriy etish taklifi bilan general-gubernator N.O Rozenbaxga murojaat etadi. Javob olomagan va oradan bir yil o’tib o’zi Toshketga keladi. Samarqand, Buxoroda bo’ladi va uyerdagi mahalliy xalq bilan gaplshib, dastlabki yangi usul maktablarini ochishga muvaffaq bo’ladi.
Maxmudxo’ja Bexbudiy 1899-1900 yillarda haj safariga yo’l oladi. Safar yangi maktab haqidagi qarashlarini mustahkamladi. Uning tashabbus va g’ayrati bilan 1903 yilda Samarqand atrofi Xalvoyi (S.Siddiqiy), Rajabamin (A.Shakuriy) qishloqlarda yangi maktablar tashkil topdi. Adib bu maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishib: “Risolai asbobi savod”, “Risolai jug’rofiyai muroniy” , “Risolai jug’rofiyai Rusiy”, “Kitobat ul-atfol”, “Amaliyoti islom”, “Tarixi islom” kabi kitoblari paydo bo’ldi. [4]
Darsliklar va kitoblarni nashrdan chiqargach Behbudiy Moskva hamda peterburgga boradi, uyerdan Qozon, Ufa, Nijniy Novgorodga o’tadi. Bular barisi shunchaki ko’ngil ochish uchun sayohat emas balki maorif va ta’lim ishlarini isloh qilish uchun qaratilgan xizmat safari edi. U yerga borganda Bexbudiy musulmonlarning turmush tarzi va madaniyati muammolariga bag’ishlangan katta qurultoy chaqiradi va nutq so’zlaydi.
Bexbudiy esdaliklaridan birida shunday yozadi : “Maorif uchun birgina maktab kifoyat qilmaydur. Zamonamizning va dunyoning voqealari bilan tanishib bormog’liqlari lozimdur. Millat va Vattaning axvolidin, kundalik hayotidin ogoh bo’lmog’i darkor. Millat uchun oyna kerak, tokay unda o’z qaboxatiyu malohatini ko’ra olsinlar.” Shu asosda Bexbudiy o’z ishlarining rivoji va omma xalqning ogoh bo’lishi, maorif va ta’lim sohalari oldinlashi uchun birin ketin “Samarqand” gazetasi va “Oyna” jurnallarini chiqarishni yo’lga qo’ydi. “Oyna” jurnali jamiyat marifiy-madaniy taraqqiyotida katta xizmat qildi. Unda millatning haq-huquqi, ta’lim-tarbiyasi, til-adabiyoti masalalari, dunyo axvoliga doir qiziqarli maqolalar, baxslar berib borilgan. Ayniqsa o’qituvchi va jurnalistlarning til bilishi, bir necha tillarda so’zlasha olishga katta e’tibor qaratgan.
Bexbudiy asos slogan yangi usul-jadid maktablarida Rossiyaning sotsializm g’oyalaridan ozod edi. Barcha sotsial tenglikni adolatsizlik, zo’ravonlik deb e’tirof etadi va ustozi Ismoil Gaspirinskiy bilan birgalikda Turkiston mustaqilligi uchun kurashishga bel bog’ladi. U bu yo’lda bir necha bor rus sovet hukumati raxbarlari bilan muzokaralar olib borishga urindi ammo bari besamar ketdi. Orzulari chil-chil bo’lgan Bexbudiy bahor pallasida Buxoroga yo’lga chiqadi ammo amaldagi xon Olimxon sarkardalari tomonidan qo’lga olinib, taxminan ikki oy mobaynida ushlab azob uqubatga duchor qilinadi. Ikki oy o’tgach Qarshida zindonga tashlanadi. Ikki-uch kun o’tgach Qarshi begi Tog’aybek buyrug’i bilan “podshoxlar chorbog’i” da qatl qilingan, lekin bu xabar Samarqandga bir yil o’tib yetib keladi. Bexbudiy o’z vasiyatnomasida shunday deydi: “Turkiston bolalarini ilimsiz qo’ymanglar! Sizlarga vasiyat qilaman! Hammaga ozodlik yo’lini ko’rsatinglar[5]!” degan edi. Shu tariqa xalqimizning buyuk o’g’loni, ilm-marifat yo’lida o’z jonini ayamagan Maxmudxo’ja Bexbudiy hayot yo’li o’z poyoniga yetdi, ammo u umri davomida izsiz ketmadi, qo’lidan kelgancha odamlarni yorug’lik va hurlik tomon boshladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
- D.A Alimova, D.A Rashidova- “Maxmudxo’ja bexbudiy va uning tarixiy tafakkuri”- Tosh.1999y
- M.Xayrullayev- “Ma’naviyat yulduzlari”- Tosh. 2001y
- Maxmudxo’ja behbudiy- “ Tanlangan asarlar”-Tosh 1999y
- R.Sharipov- “Turkiston jadidchilik harakati tarixidan”- Tosh.2002y
- Sh.Yusupov- “Xufiya qatlamlar”- Tosh,1999y
[1]M.Bexbudiy- “Tanlanganasarlar “- Tosh 2002y
[2]Azizzoa L. Behbudiy- Maorif va o’qituvchi. 1926.№2.
[3]Maxmudxo’ja behbudiy- “ Tanlangan asarlar”-Tosh 1999y 176-177 betlar
[4] M. Xayrullayev- “Ma’nayiyat yulduzlari” 373-374 betlar
[5] M.Bexbudiy- “Tanlangan asarlar “- tosh 2002y
Gap yoq menga juda yoqdi