HOJI MUIN VA UNING PEDAGOGIK MEROSI

Ushbu maqolada Turkiston jadidchilik harakatining yetuk
namoyondasi, Mahmudxo’ja Behbudiyning munosib shogirdi Hoji Muin Shukrullo o’g’lining milliy matbuotimiz, adabiyot, maktab va maorif tizimi rivoji uchun qilgan sa’y-harakatlari haqida fikr, mulohazalar yuritilgan.

Turkistonda XIX asr oxiri – XX asr boshlari ijtimoiy-siyosiy va ma’rifiy
jihatdan tub burilish hosil qilgan davr hisoblanadi.Buning sababi jadidchilik
harakatining yuzaga kelishi bo’lib, dastavval bu harakat XIX asrning 80-
yillarida yillarida Kavkazda yuzaga keldi. Jadid so’zi arabchada “yangi” degan
ma’noni bildiradi.


Turkistonda jadidchilik harakatining yetakchilariga Munavvar qori
Abdurashidxonov, Mahmudxo’ja Behbudiy, Saidahmad Siddiqiy, Abdulla
Avloniy, Abdurauf Fitrat, Is’hoqxon Ibrat, Abduqodir Shakuriy,
Muhammadsharif So’fizodalar qatorida Behbudiyning munosib izdoshi, millat
taraqqiyoti uchun kurashgan ilg’or ma’rifatparvar Hoji Muin Shukrullo
o’g’lining ham o’z o’rni bor.

Hoji Muin yashagan uy


Hoji Muin 1883-yil 19-martda Samarqandda tug’ilgan.Ota-onasidan erta
yetim qolgan yosh Muin bobosining tarbiyasida qoladi. Bu davrda xat savodi
chiqishga ulgurgan Muin keyinchalik arab tili qoidalari va diniy ilmlarni puxta
o’rgana boshlaydi. O’sha davr taniqli ziyolilaridan bo’lgan Sayidahmad Vasliy
bilan tanishishi Hoji Muinning kelajakdagi faoliyati uchun ijobiy muhit yarata
oldi. Vasliy unga arab tili qoidalarini o’rgatish bilan birga she’riyatga oshno
qiladi va o’z davrining taraqqiyparvarlari davrasiga olib kiradi.
Hoji Muin dastlab eski maktabda muallimlik qiladi. Abduqodir
Shakuriyning yangi usul maktabi ta’sirida 1903- yili o’z maktabini ochadi. U ilk
marta ustozi S.Vasliy xonadonida Turkiston jadidlarining otasi M.Behbudiy
bilan ko’rishadi va bu uchrashuv Hoji Muin hayotida yangi davr boshlanishiga
sabab bo’ladi. Ayniqsa , Behbudiyning “Muxtasari jug’rofiyayi umumiy” nomli
asari Hoji Muinda juda katta taassurot qoldiradi. Keyinchalik bir maqolasida
shunday xotirlaydi: “ Shuni unutmaymankim, mazkur jug’rofiya kitobining
“Tatbiqoti diniya” faslinda: “Ba’zi eski xurofot va isroiliyat so’zlari bizning
tafsir kitoblarimizgacha kirib ketgan” mazmunidagi jumlalar o’shal vaqtda
manim fikrimda zo’r o’zgarishlar yasadi.Ya’ni, o’shal jumla meni birinchi daf’a
fikriy inqilobg’a uchratdi. …men mazkur tarixdan e’tiboran Behbudiy afandig’a
chin ko’ngil ila muxlis bo’lg’animdek, o’shal vaqtdan boshlab mavqeyi
kelganda oni mudofaa etaturg’on bo’ldim” .[1,5-6b]
O’sha davr milliy matbuotimizda xalqni jaholat botqog’idan qutqarish,
savodli qilishdek oliy g’oyalar aks etgan maqolalar jadid publitsistlari
tomonidan ko’plab yoritilgan.Hoji Muin ham bunday yuksak maqsadni amalga
oshirishda matbuotning zaruriyatini anglaydi va qo’lga qalam olib publitsistik
faoliyatini boshlaydi.
1907-1937-yillar davomida 23 xil gazeta va jurnallarda 200 tacha maqola,
400 tacha xabar hamda 1500 misraga yaqin o’zbek va tojik tillarida yozilgan
she’rlari bilan faol qatnashganini o’z kundaliklarida yozib qoldirgan.[3] Hoji
Muindan biografik mazmundagi va o’sha davr dolzarb mavzulariga doir
maqolalar, hajviyalar va “Eski maktab, yangi maktab”, “Mazluma xotun”,
“Ko’knori ” kabi dramalar adabiy meros sifatida qolgan.
“Mazluma xotun”, “Ko’knori ”, “To’y” sahna asarlarida xalq orasida urfga
kirib qolgan yomon odatlar qoralanadi.[1,8b]
“Turkiston viloyatining gazeti” gazetasining 1911- yil 24- noyabr sonida
Hoji Muinning “Gazeta o’qimoq manfaati” nomli maqolasi chop etiladi. Unda :
“Biz turkistonlilarg’a gazeta o’qumoq u qadar rasm va taomil emas. Agar gazeta
o’qumoqning manfaatini bilsa eduk yoki gazeta o’qub ma’nosig’a tushunsa
eduk, hatto bir nafas o’lsun gazeta mutolaasidin voz kesmas eduk. …bizning
xalq aksariyat ila gazeta o’qumaydilar. Gazeta o’quvchilardan ham o’n
nafaridan to’qqizi gazetadan lozim darajada istifoda qila olmaydur. Chunki tarix
va jug’rofiyadan ozg’ina o’lsun xabari yo’q ”[1,56b] kabi xalqning qon-qoniga
singib ketgan qoloqlik unsurlarini ochib bergan va xalqni gazeta mutolaasiga
chorlagan.
Hoji Muin o’z faoliyati davomida “Tayoq” nomli hajviy gazetaga asos
soldi.Gazetaning nomi xususida esa ko’p vaqtdan beri millatni taraqqiy ettirish
va boshqa millatlar singari savodli qilish maqsadida turli yo’llarda harakat qilib
ko’rganini, ammo odamlardagi dangasalik, mutakkabirlik illatlari bunga yo’l
bermaganini yozadi.
“Bizning musulmonlar, boxusus turkistonliklar dangasa, bo’yniyo’g’on,
muflis, mutakkabir, g’alati bir jonivor ekan.Bu jonivorlarni turli buzuqliklardan
chiqarib inson qatorig’a kirguzmak, ikkinchi bir ibora bilan aytganda,
xushyoqmaslik uyqusindan uyg’otib ko’zini ochturmoq uchun “tayoq”dan
boshqa narsa kerak emas ekan ”.[1,149b] Bu gazetaning maqsadi haqida:
“To’g’rilik va xalqni to’g’ri yo’lga solmoq bo’lib, ul hech kimga va hech bir
quvvatg’a bo’yin egmasdur. Ul yolg’iz chin insoniyat va haqqoniylik qoshida
ehtirom bilan teng turadir. “Tayoq” to’g’rilar uchun asoi huzur, egrilar uchun
zulfiqori Alidir”.[1,159-160 b]
Hoji Muinning “Eski maktab, yangi maktab ” nomli dramasi uch pardali
teatr risolasi bo’lib , unda eski maktab va yangi usul maktablari o’zaro
taqqoslanadi, yangi maktab olqishlanadi. Asarda eski va yangi maktab
quyidagicha tasvirlanadi:
“Eski maktab manzarasi. Maktab ichi zindondek qorong’u bo’lib , o’rtasida
o’choq, devorig’a bir falaq osilgan.Bir yoqda safol oftobada suv, ikkinchi yoqda
yirtiq ko’rpacha ustiga uch-to’rt qabat iflos kiyum kiygan, ko’knoriaft va asabiy
majoz bir domla o’turgan, bir yonida choynik, bir dona qoq non, oldida to’rt
ayog’lik uzun taxta, taxtaning naryog’ida xas-paxol ustida Salim va Melik degan
ikki bola o’z saboqlarini o’qub turubdurlar…”.[1,181b]
“Yangi maktab manzarasi. Maktab binosi hivzi sihhat qoidasiga muvofiq
bo’lub, devorig’a xaritalar yopushturulgan, bir yoqda muallim kursiga
o’turgan.Muallimning oldida bir “miz”, yonida bir lavha. Qarshisida ikki partaga
to’rt talaba o’turgan. Bir tarafda uch-to’rt kursi qo’yilgan…”.[1,201b]
Jadid maktablari faoliyatiga eski maktab tarafdorlari muntazam ravishda
qarshilik qilishgan. Ammo shunday bo’lsada, jadidlar o’zlarining “usuli jadid”
yangi usul maktablarini eski maktab “usuli qadim”ga zid qo’yishmagan. Bu
borada Ismoil Gaspirali shunday deb yozadi: “Eski usul maktab muallimlari,
hurmatlu qarindoshlarimiza bu yozdiklarimiz og’ir kelmasun. Xosho biz
kandimiz(o’zimiz) eski usul ila o’quduk…Ota-bobo kunlaridin qolmish milliy
maktablari isloh etmak usuli jadid demakdir, boshqa bir o’quv, boshqa bir
maktab demak emasdir”.[2,146b] Jadid maktablarining eski usul maktablaridan
asosiy farqi shunda ediki, oz fursatda xalqni savodli qilar, o’qimoq va o’qitmoq
yo’llarini ko’rsatardi.
Hoji Muin ham o’z davrining ma’rifatparvar jadidlari singari o’zining jadid
maktabini ochadi. U bolalarni savodli qilish uchun zarur bo’lgan mablag’larni
xalqdan yig’magan ,balki bog’dorchilikdan yetishtirgan mevalarni bozorda sotib
pul to’plagan. Maktabdor bo’lishdan esa sira moddiy manfaat ko’zlamagan.
Hoji Muin bolalar uchun tarbiyaviy ahamiyat kasb etuvchi bir qancha
turkiy she’rlarni forsiyga tarjima qilib, M.Behbudiy ko’magida ularni
“Guldastai adabiyot” nomi bilan to’plam holiga keltirib chop etadi. Bu
to’plamda tarjima she’rlardan tashqari o’zining “Nasihat”, “Xitob va go’daki
beilm”, “Ittifoq“, “Muxammas”, “E’tirof” va “Shikoyat”kabi mualliflik she’rlari
o’rin olgan.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, Hoji Muin Shukrullo o’g’li vatan ozodligi,
xalqning ma’rifati va hurfikrliligi, millat taraqqiyoti uchun butun vujudi bilan
kurashgan taraqqiyparvar o’zbek farzandi bo’lib qolaveradi. Xoji Muin
maqolalarini, she’rlarini, dramalari-yu hajviyalarini o’rganish bizga o’sha davr
milliy matbuoti, adabiyoti, jadid ajdodlarimizning merosini yaqindan anglashga
xizmat qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

  1. B.Do’stqorayev, N.Namozova; Tanlangan asarlar//Xoji Muin;
    to’ldirilgan 2- nashr T.Ma’naviyat, 2010
  2. O.Hasanboyev, J.Hasanboyev, J.Hamidov “ Pedagogika tarixi”, T.:
    O’qituvchi.1997.
  3. library.ziyonet.uz

MUALLIF: Raxmatulla Temitov. BuxDU Pedagogika kafedrasi magistranti

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

89 − = 81

Akme Consalting !!!

Bizga qo‘shiling !

Kirish Yopish
error: Content is protected !!