• Xayollar harakatga aylanganida,orzular haqiqatga aylanadi.
  • 07.04.2020
0 Comments

“Aqliy hujum” metodining mohiyati jamoa hamkorligi asosida muammoni yechish jarayonlarini vaqt bo’yicha bir qancha bosqichlarga (g’oyalarni generatsiyalash, ularni tanqidiy va konstruktiv holatda ishlab chiqish) ajratishdan iborat.
Dars jarayonida aqliy hujumdan maqsadli foydalanish ijodiy, nostandart
tafakkurlashni rivojlantirish garovi hisoblanadi.“Aqliy hujum”niuyushtirish bir muncha sodda bo’lib, undan ta’lim mazmunini o’zgartirish jarayonida foydalanish bilan birgalikda ishlab chiqarish muammolarining yechimini topishda ham juda qo’l keladi. Dastlab guruh yig’iladi va ular oldiga muammo qo’yiladi. Bu muammo yechimi to’g’risida barcha ishtirokchilar o’z fikrlarini bildiradilar. Bu bosqichda hech kimning o’zga kishi g’oyalariga hujum” qilishi yoki baholashiga haqqi yo’q. Demak, “aqliy hujum” yo’li bilan qisqa minutlarda o’nlab g’oyalarni yuzaga chiqish imkoniyatlari mavjud bo’ladi. Aslini olganda g’oyalar sonini qo’lga kiritish asosiy maqsad emas, ular muammo yechimini oqilona ishlab chiqish uchungina asos bo’ladilar. Bu metod shartlaridan biri hech qanday tashqi ta’sirsiz qatnashuvchilarning har biri faol ishtirokchi bo’lishi kerak. Bildirilgan g’oyalarning besh yoki oltitasigina asosiy hisoblanib muammo yechimini topishga salohiyatli imkoniyatlar yaratadi.

SHunday qilib, “aqliy hujum” qoidalarini quyidagicha belgilash mumkin:
– olg’a surilgan g’oyalar baholanmaydi va tanqid ostiga olinmaydi;
– ish sifatiga emas, soniga qaratiladi, g’oyalar qancha ko’p bo’lsa shuncha yahshi;
– istalgan g’oyalarni mumkin qadar kengaytirish va rivojlantirishga harakat qilinadi;
– muammo echimidan uzoq g’oyalar ham qo’llab-quvvatlanadi;
– barcha g’oyalar yoki ularning asosiy mag’zi (farazlari) qayd etish yo’li bilan yozib olinadi;
– “hujum”ni o’tkazish vaqti aniqlanadi va unga rioya qilinishi shart;
– beriladigan savollarga qisqacha ( asoslanmagan) javoblar berish ko’zda tutilishi kerak.
VAZIFASI. “Aqliy hujum” qiyin vaziyatlardan qutulish choralarini topishga, muammoni ko’rish chegarasini kengaytirishga, fikrlash bir hilliligini yo’qotishga va keng doirada tafakkurlashga imkon beradi. Eng asosiysi, muammoni yechish jarayonida kurashish muhitidan ijodiy hamkorlik kayfiyatiga o’tiladi va guruh (sinf) yanada jipslashadi.
OBEKTI. Qo’llanish maqsadiga ko’ra bu metod universal hisoblanib tadqiqotchilikda (yangi muammoni yechishga imkon yaratadi), o’qitish jarayonida (o’quv materiallarini tezkor o’zlashtirishga qaratiladi), rivojlantirishda (o’z-o’zini bir muncha samarali boshqarish asosida faol fikrlashni shakllantiradi) asqotadi.

QO’LLANISH USULI. “Aqliy hujum” ishtirokchilari oldiga qo’yilgan muammo bo’yicha har qanday mulohaza va takliflarni bildirishlari mumkin. Aytilgan fikrlar yozib borildi va ularning mualliflari o’z fikrlarini qaytadan hotirasida tiklash imkoniyatiga ega bo’ldi. Metod samarasi fikrlar hilma-hilligi bilan tavsiflandi va hujum davomida ular tanqid qilinmaydi,
qaytadan ifodalanmaydi. Aqliy hujum tugagach, muhimlik jihatiga ko’ra eng yahshi takliflar generatsiyalanadi va muammoni yechish uchun zarurlari tanlanadi.
Izoh: Hurmatli kitobxon, mana, amerikacha “aqliy hujum” metodi bilan qisman tanishdingiz (siz, ehtimol, oldindan tanishdirsiz). Aytmoqchi bo’lgan fikrimiz inkor va ta’kid hususida: bu metod mualliflari bizning ajdodlarimizdir. Hali Amerika kashf etilmagan bir davrda o’z aql mash’alasi bilan dunyoni yoritgan qomusiy olimlarimizni (Ahmad al Farg’oniy, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Beruniy va boshqa) olasizmi, yoki yetti iqlimni zabt etgan shohu-sultonlarimizni olasizmi, ular o’z muammolarini yechishda ana shu metoddan keng foydalanishgan. Bobokalonlarimiz bu metodni boshqacha nomlashgan, ya’ni: “kengash”, “mashvarat”, “maslahat” deb atashgan. Misol uchun ,Sohibqiron Amir Temur saltanat oldida turgan muammolarni yechishda mashvarat chaqirib barcha saroy ahlining, vaziru-ulamolarning, farzandlarining fikrlarini diqqat bilan eshitgan va ular asosida yagona hukm chiqargan. Bu holatlar ko’proq harbiy yurish oldidan chaqirilgan mashvaratlarda namoyon bo’ladi. “Agar (g’anim ustiga) lashkar tortmoqchi bo’lsam, urush-yarashdan o’rtaga so’z tashlab,amirlarimning bu ikkovidan qay biriga moyilligini bilishga intilardim. Agar yarashdan so’z ochsalar, buning foydasini urush ziyoniga solishtirib ko’rardim, agar urushga moyil bo’lsalar, uning naf va foydasini yarash ziyoniga taqqoslab ko’rardim, qaysi biri foydaliroq bo’lsa, shuni ihtiyor qilardim” (28). Bugun ana shular haqida o’yga tolib, “g’arb sharqdan o’rgangan”ligiga yuz foiz ishonch hosil qilamiz va yana bir karra yaratganga iymon keltiramiz.

“AQLIY HUJUM” metodi – biror muammo bo’yicha ta’lim oluvchilar tomonidan bildirilgan erkin fikr va mulohazalarni to’plab, ular orqali ma’lum bir yechimga kelinadigan usuldir. «Aqliy hujum» usulining yozma va og’zaki shakllari mavjud. Og’zaki shaklida ta’lim beruvchi tomonidan
berilgan savolga ta’lim oluvchilarning har biri o’z fikrini og’zaki bildiradi. Ta’lim oluvchilar o’z javoblarini aniq va qisqa tarzda bayon etadilar. Yozma shaklida esa berilgan savolga ta’lim oluvchilar o’z javoblarini qog’oz kartochkalarga qisqa va barchaga ko’rinarli tarzda yozadilar. Javoblar doskaga (magnitlar yordamida) yoki «pinbord» doskasiga (ignalar yordamida) mahkamlanadi. «Aqliy hujum» usulining yozma shaklida javoblarni ma’lum belgilar bo’yicha guruhlab chiqish imkoniyati mavjuddir. Ushbu usul to’g’ri va ijobiy qo’llanilganda shaxsni erkin, ijodiy va nostandart fikrlashga o’rgatadi.»Aqliy hujum» usulidan foydalanilganda ta’lim oluvchilarning barchasini jalb etish imkoniyati bo’ladi. Shu jumladan ta’lim oluvchilarda muloqot qilish va munozara olib borish madaniyati shakllanadi. Ta’lim oluvchilar o’z fikrini faqat ogzaki emas, balki yozma ravishda bayon etish mahorati, mantiqiy va tizimli fikr yuritish ko’nikmasi rivojlanadi. Bildirilgan fikrlar baholanmasligi ta’lim oluvchilarda turli g’oyalar shakllanishiga olib keladi. Bu usul ta’lim oluvchilarda ijodiy tafakkurni rivojlantirish uchun xizmat qiladi. «Aqliy hujum» usuli ta’lim beruvchi tomonidan qo’yilgan maqsadga qarab amalga oshiriladi:

  1. Ta’lim oluvchilarning boshlang’ich bilimlarini aniqlash maqsad qilib qo’yilganda, bu usul darsning mavzuga kirish qismida amalga oshiriladi.
  2. Mavzuni takrorlash yoki bir mavzuni keyingi mavzu bilan bog’lash maqsad qilib qo’yilganda -yangi mavzuga o’tish qismida amalga oshiriladi.
  3. O’tilgan mavzuni mustahkamlash maqsad qilib qo’yilganda-mavzudan so’ng, darsning mustahkamlash qismida amalga oshiriladi.

“Aqliy hujum” usulini qo’llashdagi asosiy qoidalar:

  1. Bildirilgan fikr-g’oyalar muhokama qilinmaydi va baholanmaydi.
  2. Bildirilgan har qanday fikr-g’oyalar, ular hatto to’g’ri bo’lmasa ham inobatga olinadi.
  3. Har bir ta’lim oluvchi qatnashishi shart.
    Muammoli savol beriladi. Fikr va g’oyalar eshitiladi va jamlab boriladi. Fikr va g’oyalar guruhlanadi.Aniq va to’g’ri javob tanlab olinadi.

“Aqliy hujum” usulining bosqichlari quyidagilardan iborat.
1.Ta’lim oluvchilarga savol tashlanadi va ularga shu savol bo’yicha o’z javoblarini (fikr, g’oya va mulohaza) bildirishlari so’raladi;
2.Ta’lim oluvchilar savol bo’yicha o’z fikr-mulohazalarini bildirishadi;
3.Ta’lim oluvchilarning fikr-g’oyalari (magnitafonda, videotasmada, rangli qog’ozlarda yoki doskada) to’planadi;
4.Fikr-g’oyalar ma’lum belgilar bo’yicha guruhlanadi;
5.Yuqorida qo’yilgan savolga aniq va to’g’ri javob tanlab olinadi.

NAMUNA:

Adabiyot 8-sinf (48-49-dars) dasturida berilgan Ozod Sharafiddinovning “O’lsam ayrilmasman quchoqlaringdan” maqolasi mavzusini o’tishda “Aqliy hujum” usulidan foydalanib, quyidagi so’zlar asosida o’quvchilarning yangi mavzu yuzasidan fikrlarini umumlashtirish mumkin.O’qituvchi mavzuni tushuntirib bo’lganidan so’ng, ushbu parchani o’quvchilarga o’qitadi.Maqolada muallif, “Adibning eski jo’vadagi ko’rimsiz, torgina, kichik zalda eshitgan Uyg’un qalamiga mansub,
Vatan – ona so’zi naqadar laziz,
Sensan har narsadan mo»tabar aziz,
Hikmatingni saqlar har bir o’g’il-qiz,
Muqaddas, mo»tabar, ulug’ Vatanim,
O’lsam ayrilmasman, quchoqlaringdan.
ushbu she’r haqida, hayajon bilan quyidagicha; “…she’r misralari ayniqsa, har bir band oxirida takrorlanayotgan “O’lsam ayrilmasman quchoqlaringdan” degan ibora go’yo yuragimda tug’ilib, ichimdan jo’shib chiqayotgandek, uchta oddiy so’zdan tarkib topgan bu otashin xitob she’r
emas, butun umr amal qiladigan tantanavor qasamday jaranglardi.
Keyin chindan shunday bo’ldi….” –deb yozgan. Quyidagi matnni o’qituvchining o’zi o’qib beradi. Ilova: “Jahon keng, dunyoda mamlakatlar ko’p. Lekin bu olamda betakror ona yurtimiz, O’zbekistonimiz yakka-yu yagona. Bu go’zal yurt, bu muqaddas zamin faqat bizga atalgan. Mana shu ulug’ tuyg’u har birimizning hayotimiz mazmuniga aylanishini istardim. Biz shunday ma’naviy muhit yaratishimiz kerakki, yurtimizning har bir burchagida, barcha shahar va qishloqlarimiz qiyofasida Vatandan faxrlanish hissi ko’zimizni, qalbimizni yashnatib tursin. (I. Karimov. “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asaridan.)
Savol: Xo’sh, muallif nega “O’lsam ayrilmasman quchoqlaringdan”degan, sizning fikringizcha quchog’i nima ekan. O’quvchilar ikki matn bilan tanishib bo’lgach, yaxshigina tortishib fikrlashadilar, bir vaqtning o’zida maqola matni bilan birga unga bog’liq yurtimiz sarhadlari, buyuk qadamjolari haqida o’quvchilarni mavzu ichiga chuqurroq olib kirishni nazarda tutadi. Bu usulining tanlanishidan maqsad shuki, o’quvchilar orasida do’stona muhitni vujudga keltirish, ona Vatanni sevish va uning tuprog’ini e’zozlash, tabiatga va atrofimizdagi har bir mavjudotga nisbatan mehr tuyg’ularini uyg’otishdan iboratdir.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

*